SamISIda oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish masalalari o‘rganildi

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish va oliy ta’lim muassasalarining raqobatbardoshligini oshirish” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda oliy ta’lim muassasalari prorektor, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchi va doktorantlari qatnashdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy xizmatlar jadal raqamlashtirilmoqda. Yaqinda qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakatimizda raqamli ta’limni integratsiyalash va ta’limning barcha bosqichlarida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti.

- Xalqaro seminar o‘ta dolzarb bo‘lib, O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimini modernizatsiyalash borasidagi universitetlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, - dedi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori D.Aslanova. - Barcha faoliyatni raqamlashtirish orqali O‘zbekiston universitetlari o‘qitish va ta’lim tajribasi yaxshilanadi.

Seminar ishtirokchilari oliy ta’lim muassasalarida keng qo‘llaniladigan raqamli ta’lim vositalari haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. Shu jumladan, raqamli platformalar, ilovalar va amaliy dastur paketlari bilan yaqindan tanishdi. Oliy ta’limning “raqamli landshaft”i haqida tasavvur hosil qilib, raqamli tendensiyalar va ularning oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga ta’sirini o‘rgandi.