SamISIda onlayn konferensiya o‘tkazildi

Kecha Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Xizmat ko‘rsatish sohasi tarmoqlarida buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va auditning dolzarb muammolari” mavzusida onlayn respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada raqamli iqtisodiyot sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasi tarmoqlarida buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va auditning nazariy va metodologik muammolari muhokama etildi. Unda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa viloyatlardan ishtirokchilar o‘z materiallari bilan qatnashdi.

Onlayn konferensiya ZOOM dasturi orqali o‘tkazilib, unda 50 ga yaqin ilmiy tadqiqotchilar faol qatnashdi. 100 dan ortiq maqolalar konferensiya to‘plamiga chiqarish uchun tavsiya etildi.

Konferensiyani institut rektori Muhiddin Po‘latov ochib berdi. Moliya Vazirligining «Buxgalteriya hisobi va audit metodologiyasi» boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sh.Haydarov, institut professori K.Urazov, professor M.Pardayev kabi taniqli olimlar o‘z ilmiy ishlari bilan ma’ruza qildi.

Shohruh JALILOV.