“Samrin Trade” korxonasi joriy yilda 5 million dollarlik mahsulot eksport qiladi
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olish maqsadida e’lon qilingan karantin davrida ham ishlab chiqarish korxonalari bir maromda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ayniqsa, eksport korxonalari tomonidan jahon bozoriga sifatli mahsulotlar o‘z vaqtida yetkazib berilayotir.
Bu esa koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari sohalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadining keskin pasayib ketishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Samarqand tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Samrin Trade” qo‘shma korxonasi viloyatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlab, xorijga eksport qilishga ixtisoslashgan yirik korxonalardan biri sanaladi. Korxonada bugungi kunda mayiz, turshak, yong‘oq kabi quruq mevalar qayta ishlanib, qadoqlangan holda dunyoning o‘nga yaqin mamlakatiga, asosan, Yevropa davlatlariga yetkazib berilmoqda.
Mazkur korxonada ham qayta ishlashning yangi, zamonaviy texnologiyalarini o‘rnatish bo‘yicha muayyan choralar ko‘rilmoqda. Natijada korxonada mayizni saralashga ixtisoslashgan lazerli uskunalar keltirildi. Bu esa tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifatliligini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Joriy yilning birinchi choragi mobaynida korxona tomonidan qariyb 800 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. Endilikda qayta ishlash uchun zarur mevalar korxona qoshida tashkil qilingan 140 gektar intensiv bog‘da yetishtirilmoqda. Hozirda tomchilatib sug‘orishga mo‘ljallangan texnologiyalar asosida Yevropadan keltirilgan pakana va yarim pakana ko‘chatlar parvarishlanmoqda. Bu korxonaning eksport salohiyatini oshirishga ham zamin yaratadi.
– Ayni paytda mamlakatimizda karantin davri bo‘lishiga qaramasdan, korxonamiz to‘la quvvat bilan ishlamoqda, – deydi korxona rahbari Abdushukur Qurbonov. – O‘tgan 2019 yilda 3 ming 500 tonna mahsulotni 4 million AQSh dollariga eksport qilgan bo‘lsak, joriy yilda ham qariyb 5 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.
Korxonada mevalarni qabul qilish, saqlash va tozalash uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda 30 nafardan ziyod qishloq yoshlari zamonaviy uskunalar yordamida mehnat qilishmoqda. Ularning kelib ketishi uchun alohida transport ajratilgan. Issiq ovqat, xodimlarga maxsus kiyimlar ham tashkil qilingan. Tayyorlanayotgan mahsulotlar tezkor labaratoriyadan o‘tkaziladi. Korxonada asosiy e’tibor mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Ishchilarning niqob va qo‘lqoplari belgilangan vaqtda almashtirilib, korxonaning sexlarida ham muntazam dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.
Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.