SamTIda zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn konferensiya o‘tkaziladi

Joriy yil 15 may kuni Samarqand Davlat tibbiyot institutida talaba-shifokorlar va yosh olimlar ishtirokida zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan an’anaviy 74-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

“Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi ijrosiga muvofiq o‘tkazilayotgan mazkur anjuman bu yil karantin tufayli o‘ziga xos tarzda, onlayn shaklda o‘tkaziladi. Quvonarlisi, yurtimiz hamda xorijiy davlatlardan mazkur konferensiyada ishtirok etish istagida bo‘lgan jami 550 nafar muallifdan 900 dan ortiq ilmiy tezis va maqolalar kelib tushgan.

Yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlarga keng jalb qilish, innovatsion ishlanmalarni sog‘liqni saqlash sohasida tatbiq qilinishiga yaqindan ko‘maklashish ushbu anjumanning asosiy maqsadi hisoblanadi. Unda muhokama qilinadigan ilmiy ishlarning aksariyati ekperimental, klinik, profilaktik tibbiyot hamda tibbiy-biologiya fanlarining dolzarb fundamental va amaliy masalalariga bag‘ishlangan.

Muhimi, mazkur xalqaro anjuman MDHning 10 ta tibbiyot oliy o‘quv yurtlari vakillarini yagona teleko‘prik orqali bog‘laydi. Unda yosh olimlar va iqtidorli talabalar o‘zlarining innovatsion ishlanmalari va ilmiy yutuqlarini taqdim etishlari mumkin. Konferensiyaning yalpi yig‘ilishi va 8 ta sho‘’ba yig‘ilishlarida Rossiya, Janubiy Koreya, Belorus, Qozog‘iston, Ukraina va Tojikistondan 12 ta va mamlakatimizning 6 ta tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan 150 nafardan ziyod talaba va yosh olimlar bevosita chiqish qilishi kutilmoqda.

Ilmiy-amaliy anjuman materiallari Samarqand davlat tibbiyot institutida chop etiladigan “Biologiya va tibbiyot muammolari” ilmiy jurnalida nashr qilinadi.

Anjumanda bildirilgan taklif va xulosalar mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, sohaga innovatsiyalarni keng tatbiq etish, yetuk kadrlarni tayyorlash va halqimizga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada ko‘tarishga xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.