San’at va fan mo‘’jizasi: Havoda “muallaq” turuvchi haykallar
Biz og‘ir tuzilmalarda o‘rnatilgan marmar, bronza yoki gipsdan yasalgan haykallarning mustahkam poydevorga ega bo‘lganiga o‘rganib qolganmiz.
Biroq, zamonaviy san’at ustalari poydevorlarni mutlaqo tushunib bo‘lmaydigan tayanchlar bilan almashtirib, sehrgarlar kabi mo‘’jizalar yaratishni o‘rganib olishganiga ancha bo‘ldi.
Haykaltaroshlar orasida o‘zining havoda muvozanatni saqlab turadigan tosh va metall asarlari bilan mashhur Yeji Kedzer ham bor.
Ushbu ajoyib asarlar yaratuvchisi tortishish kuchiga qarshi chiqdi va havodagi haykaltaroshlik kompozitsiyalarining deyarli mukammal muvozanatiga erisha oldi. Usta fenomeni bilan qiziqqan olimlar ham bu sirni ochib berishdan yiroq.
Ba’zilar gap vazn taqsimotining ideal hisob-kitob qilinishini taxmin qilsa, boshqalari ajoyib haykallarni sehrli xususiyatlar bilan bog‘laydi. “Bema’nilik” – deb aytarsiz va siz albatta haq bo‘lib chiqasiz.
Biroq, haykaltarosh qanday qilib bunday ajoyib natijaga erishganini hech kim aniq ayta olmaydi. Va bu jumboq har doim ham ijodga, ham ustaning o‘ziga juda katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda.
Yeji Kedzer (Djerzi Kedzior, Jerzy Kedziora) 1947 yilning sentyabr oyida Polshaning Chenstoxova shahrida tug‘ilgan. U yerda tasviriy san’at maktabini, so‘ng Varshavadagi Milliy tasviriy san’at akademiyasini tamomlagan. U o‘zining noyob iste’dodi - nozik simga osilgan holda ajoyib muvozanatni saqlab turadigan haykallarini yaratish orqali dunyoga mashhur bo‘ldi.
Yeji qoida tariqasida ko‘pincha asarlari qahramonlari sifatida ular uchun muvozanat oddiy holat hisoblanadigan sirk artistlari, gimnastikachi, jonglyorlar va akrobatlarni oladi. Qotib qolgan tosh haykallari nozik kabellar bo‘ylab turli holatlarda va turli harakatlar qilayotganga o‘xshaydi. Usta o‘z asarlarida sirk va sportdan uzoqda bo‘lgan boshqa qahramonlardan ham foydalanadi.
Havoda qotib qolgan tarashlab yasalgan tasvirlar birinchi marta ko‘rgan o‘tkinchini hayratda qoldiradi. Bunday salmoqli jussalar tom ma’noda faqat bitta tayanch nuqtasi bilan tutashgan holda shamollarda tebranmasdan, ag‘darilib ketmasdan va yiqilmasdan qanday qilib havoda tura oladi, degan savol hammani o‘ylantirmoqda. Mo‘’jiza, shunday emasmi?
Qaysi tomondan qaramang, inshootlar, daraxtlar, ustunlar orasida mahkam cho‘zilgan po‘lat simlardan boshqa narsani ko‘ra olmaysiz. Usta o‘z ishida qo‘shimcha mahkamlagichlar va tirgaklardan foydalanmaydi. Mohir haykaltarosh Yeji Kedzerning chinakam sehrli asarlarining hayratlanarli siri ham shunda.
Haykaltaroshning asarlari zamonamizning haqiqiy siridir. Ko‘proq Polsha shahar ko‘chalarida, shuningdek, dunyoning ba’zi muzey va galereyalarida, Yevropaning qator shaharlari maydon va ko‘chalarida ularni ko‘rish mumkin. Yejining ijodini illyuziya, hiyla va hatto sehr deb tasniflashadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.