Saturn yo‘ldoshida hayot bizning tushunchamiz bo‘yicha yo‘q. Ammo u insoniyatga noma’lum bo‘lgan boshqa shaklda bo‘lishi mumkin
Yaqinda astrofiziklar «Yerdan tashqaridagi hayot olimlar tasavvur qilganlaridan ham yaqinroqda, Saturnning yo‘ldoshi - Reyada bo‘lishi mumkin», degan shov-shuvli xabarni tarqatishdi. Xo‘sh, bunday bashoratda qanday asoslar bor? Nega aynan Reyada aqlan bizga qarindoshlar yashashi bo‘lishi mumkin?
1997 yil 15 oktyabrda AQShning Florida shtatidagi NASA kosmodromidan “Kassini” kosmik apparati uchirildi va u 4 milliard kilometr masofani uchib o‘tib, Saturn sayyorasi tizimiga yetib bordi. Olimlarni ko‘proq gazli gigant Saturnning eng katta yo‘ldoshi Titan qiziqtirardi. Tadqiqotchilarning fikricha, xuddi shu yo‘ldosh astronomlarning Quyosh tizimida hayotning mavjudligi haqidagi barcha tasavvurlarni o‘zgartirib yuborishi mumkin, degan tushunchada edi. Titan sirtining ichki tuzilishini va atmosferasini o‘rganish uchun “Kassini”dan unga tadqiqot zondi tashlandi. “Kassini” apparati esa Saturn atrofi bo‘ylab ko‘p yillik o‘z sayohatini davom etdirdi. U o‘zining bevosita vazifasi bo‘lgan gazli gigantning halqalarini o‘rganish va insoniyat tarixida birinchi bo‘lib, uning 62 yo‘ldoshlari rasmlarini olishga kirishdi. Oradan 6 yil o‘tib, bu sayyoralararo stansiyaning Saturn tomon qilingan barcha «sayohatlari» ichida muhim voqea bo‘lib qoladigan fantastik kashfiyot qilishiga hech kim ishongan emasdi. Ma’lum bo‘ldiki, Titanda emas, balki Reyada hayot bo‘lishi mumkin ekan.
Reya Saturnning kattaligi jihatidan ikkinchi, sanoq jihatidan yigirma birinchi yo‘ldoshi hisoblanadi. Astronomlar bu sayyorani XVII asrda kashf qilishgan bo‘lsa-da, o‘tgan 300 yildan ortiq vaqt mobaynida u haqida juda kam narsa bilishgan. Uning diametri 1,5 ming kilometrdan ziyodroq, tashqi ko‘rinishidan Merkuriyga yoki Oyga o‘xshagan, sirti ulardagi kabi meteoritlardan hosil bo‘lgan ulkan kraterlar bilan to‘lib-toshgan yo‘ldoshdir. Undagi aksariyat kraterlarning diametri 40 kilometrga yetadi.
Qizig‘i shundaki, bu kraterlar yo‘ldoshning orbital harakati yo‘nalishi tomonidagi yarimsharida joylashgan. Bizning Oyimiz kabi Reyaning o‘z o‘qi atrofida aylanish davri uning Saturn atrofida aylanish davriga mos keladi. Shu boisdan meteoritlar Reyaning faqat bir tomonini “bombardimon” qilishadi. Ikkinchi tomoni esa meteoritlar uchun «qorong‘i» tomon hisoblanadi.
«Saturn - katta sayyora, u gazli gigant sayyoralar sinfiga kiradi. Shuning uchun uning gravitatsiya maydoni juda kuchli va bu yo‘ldosh Oy kabi Saturnga faqat bir tomoni bilan qaragan bo‘ladi», - deydi fizika-matematika fanlari doktori Valeriy Shematovich.
Agar Reyaning Saturnga qaragan tomoni ulkan kraterlar bilan “tilingan” bo‘lsa, uning ikkinchi tomoni ko‘p kilometrli, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan, bir-biriga ulashib ketgan yo‘laklar bilan to‘lib-toshgan ekan. Ko‘p vaqt olimlar bu yo‘laklarni yo‘ldosh po‘slog‘idagi vulqonlarni yopib qolgan yoriqlar (razlom) deb tushunib kelishgan. Bular o‘zidan qaynoq lavalar o‘rniga, suvni otib turadigan kosmik vulqonlarning maxsus turi hisoblanadi.
Lekin ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, Reya juda past zichlikka ega ekan. Bu shuni ko‘rsatadiki, yo‘ldoshda uning massasining uchdan biri miqdorida toshli jinslar mavjud bo‘lib, qolgan qismi oddiy muzdan tashkil topgan ekan. Agar yo‘ldosh sirtidagi temperaturaning minus 220 gradusgacha tushib ketishini nazarga olsak, uning sirtida suvning suyuq holda bo‘lishi mutlaqo mumkin bo‘lmaydi. Demak, Saturn yo‘ldoshi sirtidagi sirli yo‘laklar mavjudligining sababi boshqacha bo‘lishi lozim.
Bu qanday sabab? Bunday savolga 2007 yilda “Kassini” kosmik apparati olib, Yerga yuborgan rasmlar javob beradi. O‘ta tiniq bu rasmlardan ko‘rinadiki, bu yorqin yo‘laklar muzlik cho‘qqilari va jarliklardan iborat ekan.
“Kassini” sayyoralararo stansiyasi eng muhim va kutilmagan kashfiyotni 2010 yil 2 martda amalga oshirdi. Reya atrofidagi navbatdagi aylanish vaqtida yo‘ldoshga apparat juda yaqin balandlikdagi masofaga - 97 kilometrga uchib boradi va uning atmosferasidan namuna oladi. Namuna tahlilining natijalari hammani hayron qoldirarli darajada bo‘lgan - Reyaning atmosferasi juda ham Yer atmosferasiga o‘xshash bo‘lib, hatto nafas olish uchun yaroqli ekan. Chunki u ham kisloroddan tashkil topgan bo‘lib, bunday yangilik bilan kosmosni o‘rganishning barcha davrida birinchi marta begona sayyorada olimlar uchun kutilmagan natija edi.
Ilgari astronomlar kislorod borligini faqat bilvosita yo‘llar bilan, masalan, teleskop orqali yoki spektral tahlil yo‘li bilan aniqlardi. Astronomlar kislorodni bunday yo‘l bilan faqat ikki marta - Yupiter yo‘ldoshlari bo‘lgan Yevropa va Ganimedlarning kuchsiz kislorod atmosferasini aniqlagan edi.
Reyaning atmosferasini o‘rganishdagi keyingi o‘rinishlar bu yo‘ldoshda bir soniyada 130 gramm kislorod ajralib chiqishini ko‘rsatdi. Bu yo‘ldosh kislorod qatlamining juda yupqaligidan xabar beradi. Yerdagi temperatura va tortishuv sharoitlarida bu qatlamning qalinligi to‘qqiz etajlik uyning balandligidan oshmagan bo‘lardi. Solishtirish uchun: Yer atmosferasining qalinligi Reya atmosferasining qalinligidan 5 trillion marta ko‘p. “Kassini” bergan natijalarni olimlar tahlil qilib, Reyada kislorodning bo‘lish sababini aniqlashdi. Reya Saturndan 500 000 kilometr masofada turib, uning atrofida aylanganida u Saturnning magnitosferasiga kiradi. Sayyoraning kuchli magnit maydoni muzni parchalaydi va undan kislorod ajralib chiqadi. Lekin olimlar yo‘ldoshda kislorodning mavjudligini atroflicha tushuntira olgan bo‘lsa-da, to‘satdan Reyaning atmosferasida karbonat angidrid gazining borligi ularni hayratga soldi. Atmosferada bu gazning mavjudligi yo‘ldoshda hayotning mavjudligi yoki unda gaz paydo qiluvchi organik muhitning borligini taqozo etadi.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, taxminan shunday sharoitlar bir yarim milliard yil oldin bizning sayyoramizda endigina birinchi bakteriyalar paydo bo‘la boshlagan davrda mavjud bo‘lgan. Reyada karbonat angidrid gazining mavjudligi ajoyib kashfiyot. Vaholanki, bu gazsiz va kislorodsiz hech joyda hayotning bo‘lishi mumkin emas.
Reya atmosferasida karbonat angidrid va kislorod borligiga qaramasdan, olimlar bu yo‘ldoshda hayot mavjudligini tasdiqlashga shoshilmayapti. Chunki yo‘ldoshdagi boshqa sharoitlar hayot uchun yaroqli emas. U yer juda ham sovuq, suyuq suv mutlaqo yo‘q.
To‘g‘ri, ko‘pchilik astronomlar bu yo‘ldoshda hayot bizning tushunishimiz bo‘yicha yo‘q, deb hisoblaydi. To‘g‘rirog‘i, hayot bu yo‘ldoshda insoniyatga hozircha noma’lum bo‘lgan boshqa shaklda bo‘lishi ham mumkin.
Ortiq PARDAYeV,
SamDU professori, Zarnews.uz uchun maxsus.