“Saylov-2021” mobil ilovasi. Sizu bizga nima afzalligi bor?
Markaziy saylov komissiyasi, Project Managers kompaniyasi va Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida “Saylov-2021” mobil ilovasi yaratildi. Unga ko‘ra, har bir saylovchiga saylov haqida axborotlarni mobil aloqa tizimi orqali yetkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Saylovchini qiziqtiradigan barcha savollarga tezkorlik bilan javob berishni tashkil qilish, zarur adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari, test savollari, saylovga oid ma’lumotlar va axborotlar bilan ta’minlashda bu yangilikning samara berishi, shubhasiz.
Ilovada bo‘limlar, saylov uchastkalari, mass-media, testlar va yordam sahifalari yaratilgan. Ma’lumotlar bazasining “Bo‘limlar” sahifasida “O‘quv materiallari”, “Eslatmalar”, “Saylov qonunchiligi”, “Kutubxona” ruknlari joylashtirilgan.
Umuman, ilova sahifalari saylovchi, saylov komissiyasi a’zosi, kuzatuvchilar, nomzodlar va ularning ishonchli vakillari uchun barcha zarur huquqiy axborotlar bilan to‘ldirilgan.
“O‘quv materiallari” ruknida oktyabrda o‘tkaziladigan saylovlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, mahalliy kuzatuvchilar va vakolatli vakillarning huquq va majburiyatlari, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash haqida zarur ma’lumotlar tayyorlangan.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) hamda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYaER) takomillashtirilmoqda. Bunda fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, hududlar, ko‘chalar, uylar va xonadonlarning nomlari hamda raqamlari elektron shaklda aniq-ravshan belgilanyapti. Ya’ni, yashash manzilida ro‘yxatda bo‘lmagan va vafot etgan fuqarolar ro‘yxatdan chiqarilib, amalda yashab turgan, lekin ma’lumotlar bazasida bo‘lmagan fuqarolar qayd qilinmoqda.
Saylov uchastkalari va komissiyalarida ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash hamda e’lon qilish asosiy masala hisoblanadi. Shu bois, “Saylov-2021” mobil ilovasida ushbu mavzularda o‘quv materiallari taqdimotlari, ma’ruza matnlari, infografikalar, video-darslar joylashtirilgan.
“Eslatmalar” ruknida ham saylov tashkilotchilari, komissiyalar, kuzatuvchilar, vakolatli vakillar uchun zarur uslubiy tavsiyalar mavjud.
Darvoqe, avvallari saylovlarda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalana olardi. Endilikda, chet davlatlarda istiqomat qilib turgan vatandoshlarimiz diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lmasa ham saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishlari mumkin bo‘ladi.
Buning uchun elektron murojaat qilish imkonini beruvchi xizmat joriy etiladi. Shu maqsadda Tashqi ishlar vazirligining saylov.mfa.uz saytida mazkur xizmat sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu xizmat saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda to‘liq ishga tushiriladi.
Jahongir Tursunboyev,
viloyat saylov komissiyasi kotibi.