Sayyor qabulda 250 dan ortiq masalaga yechim izlandi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Past Darg‘om tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.
Tuman hokimligida o‘tkazilgan qabulda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.
Viloyat hokimi har bir murojaatni eshitar ekan, aholi tomonidan bildirilgan masalalarni o‘z o‘rnida, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan muammolarni qisqa fursatda hal etish choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidladi.
Sayyor qabulda bir guruh aholi vakillari «Juma elevatori» aksiyadorlik jamiyat balansida bo‘lgan ko‘p qavatli turar joylarni xususiylashtirib berishda amaliy yordam so‘radi. Mazkur masalani shu yerning o‘zida ijobiy hal etib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun mutasaddi idoralar va tuman hokimligiga topshiriqlar berildi.
– O‘tgan yilning sentyabr oyida tumanimizning Qo‘ng‘irot mahallasida bog‘cha qurish bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolab, kredit olish uchun zarur hujjatlarni tayyorlagandim, – deydi ishtixonlik Sevara Egamberdiyeva. – Ammo negadir bugungacha imtiyozli kredit ajratilmayapti.
Hokim shu yerning o‘zida murojaatchi masalasi yuzasidan mas’ullarga vazifalarni belgilab berdi va muammo ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.
Qabul davomida aholining yo‘llarni ta’mirlash, ishga joylashish, toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy bilan ta’minlash kabi 250 dan otiq murojaati tinglandi.
Qabul davomida shu yerda tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi va unda 46 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 18 kishi kasbga qayta tayyorlovga jo‘natilib, 26 nafar shaxsga tegishli maslahatlar berildi.
Baxtiyor MUSTANOV.