Senatda ko‘rib chiqilgan masalalar haqida ma’lumot berildi
Joriy yilning 3-4 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘tkazilgan edi. Unda 20 ta masala, jumladan, 8 ta qonun ko‘rib chiqilgan.
Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F.Boqiyev hamda mazkur qo‘mita a’zosi F.Toshev ishtirokida xalq deputatlari Samarqand viloyati va tuman, shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari bilan ZOOM orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan ana shu masalalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Yalpi majlisda ma’qullangan qonunlar orasida “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – dedi F.Boqiyev. – Xabaringiz bor, mazkur qonun 9 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi va kuchga kirdi. Ushbu qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, endilikda Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham pensiya tayinlanadi. Ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yetim bolalarga 23 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqi berildi. Bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini ish stajiga qo‘shib hisoblash jami davri 3 yildan 6 yilga o‘zgartirildi.
Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda yalpi majlis qaror bilan Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborishning sabab va mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Senatorlar ayni payda qo‘mitada muhokama etilayotgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan mahalliy Kengashlar deputatlari ham o‘z fikr va takliflarini bildirishlari muhimligini ta’kidladi.
Parlament yuqori palatasi a’zolari deputatlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.