Senatning yettinchi yalpi majlisi 11 sentyabr kuni chaqiriladi

Bugun, 4 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisini 2020 yil 11 sentyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidan.

Shu bilan birga, moliya vazirining davlat byudjetining 2020 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar holati haqida hamda O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.