«Serbiyada Samarqanddek qadimiy shahar haqida yaxshi bilishadi»: serbiyalik Mixaylo Yovanovich "Dinamo" va Samarqand haqida

Superliga 5-turi doirasidagi «Dinamo» - «Lokomotiv» (3:1) uchrashuvida serbiyalik himoyachi Mixaylo Yovanovich jamoadagi dastlabki golini kiritib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Futbolchi bilan quyidagi suhbat uning Samarqanddagi dastlabki taassurotlari hamda Superliga atrofida kechdi. 

- Mixaylo, eng avvalo, ilk gol va g‘alaba bilan tabriklaymiz. Dastlab «Lokomotiv»ga qarshi o‘yin haqida to‘xtalsangiz...

- Tabrik uchun katta rahmat. Bilasiz, bu o‘yinda bizga g‘alaba juda zarur edi. Jamoadagi har birimiz «Lokomotiv»ga qarshi o‘yin qay darajada muhimligini yaxshi tushunib turgandik. Chunki Superliga boshlanganidan buyon g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kuchli bo‘lsa-da, gohida omadimiz kelmayotgan, ba’zida esa tajribasizlik tufayli g‘alaba qozona olmayotgan edik. Nihoyat, bu o‘yinda g‘alaba qozona olishimizni ko‘rsatdik va muxlislarimizni xursand etdik.

- G‘alaba jamoadagi muhit va kayfiyatga ham ijobiy ta’sir qilgan bo‘lsa kerak.

- Aslida «Paxtakor», «So‘g‘diyona»ga qarshi ham, «Qizilqum» yoki «Bunyodkor» bilan o‘yinda ham  raqibdan qolishmagan edik, ammo omadimiz kelmayotgan edi. «Loko»ga qarshi esa ayniqsa, ikkinchi bo‘limda jamoada ishtiyoq kuchli edi va oxirigacha kurashib haqli g‘alabaga erishdik. Ilk g‘alabadan keyin jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi va yaxshi hamda ishchan kayfiyatda navbatdagi o‘yinlarga jiddiy tayyorgarlik olib borayapmiz.

- Markaziy himoyachi bo‘lishingizga qaramay, hujumlarda faol ishtirok etasiz. Ammo jamoa o‘tgan 4 o‘yinda bor-yo‘g‘i bitta gol urgandi, so‘nggi bahsda esa 3 ta gol kiritildi. O‘tgan o‘yinlarda gol kamligi faqat omad bilan bog‘liqmi?

- O‘tgan o‘yinlarda ham kamida 2-3 tadan golli vaziyatlar yaratdik, ba’zida sovuqqonlik, gohida omad va tajriba yetishmadi. Gol kirita olmagach, oson bo‘lmaydi. Gollarimiz hisobini oshirdik, endi bu borada hammasi yaxshilana boshlashiga ishonamiz.

Yana bir jihat, tarkibimizda 4-5 nafar tajribali o‘yinchi bor, jamoaning asosini yoshlar tashkil qiladi. Ularning aksariyati Superligada ko‘p o‘ynamagan, ularga vaqt kerak, jamoa o‘yindan-o‘yinga o‘sib boraveradi. Jamoamiz tarkibi ancha saviyali o‘yinchilardan tashkil topgan, tajriba o‘yindan-o‘yinga oshib boradi.

- Bunga qadar siz Serbiya, Chexiya, Armaniston, Qozog‘iston ligalarida ham to‘p surgansiz. O‘tgan 5 ta turdan keyin Superliga haqida taassurotlaringiz qanday?

- Oxirgi 9 yilda legioner sifatida to‘p surayapman va aytishim mumkinki Superliga – zo‘r chempionat. Bu yerda to‘p surish menga yoqdi. Har o‘yinda stadionlarda futbol atmosferasini ko‘rish mumkin. Bu futbolchi uchun yoqimli holat. O‘yinlar darajasi ham Rossiya yoki Qozog‘iston chempionatidan aslo qolishmaydi. Saviya jihatidan ham Serbiya chempionatiga juda yaqin. Maydonlar, umuman, tashkiliy ishlar ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

- Yevropa chempionatlaridagi faoliyatingizdan keyin O‘zbekiston chempionatiga kelganingizni ortga tashlangan qadam deb hisoblamaysizmi?

- Yo‘q, aslo. Superligaga kelganimni oldinga tashlangan qadam deb bilaman. Chunki bu yerga kelishdan avval O‘zbekistonda faoliyat yuritgan serbiyaliklar bilan maslahatlashdim va ular taklif bo‘lsa, xotirjam qabul qilishimni, bu yerdagi odamlar, muhit ham yaxshi ekanini aytishdi. O‘zbekistonda ekanimdan xursandman.

- «Dinamo»dan taklif tushganidan avval Samarqand, O‘zbekiston haqida qanchalik ma’lumotga ega edingiz?

- Jamoa haqida unchalik bilmasdim, ammo Samarqand haqida eshitgandim. Serbiyada Samarqanddek 2-3 ming yillik qadimiy shahar haqida yaxshi bilishadi. «Dinamo»dan taklif borligi haqida O‘zbekistonda to‘p surgan serbiyalik futbolchilar bilan maslahat qilganimda ular Samarqand poytaxt Toshkentdan keyingi ikkinchi eng katta va tarixiy shahar ekanini aytishdi. Bu ham «Dinamo»ni tanlashimga sabablardan biri bo‘ldi. Jamoadoshim Miloye Prekovich bilan birgamiz, shahar, muxlislar barchasi yoqmoqda. Bu jamoaga kelganimdan xursandman.

- «Neftchi»ga qarshi navbatdagi o‘yin haqida...

- Ayni damda jamoamizda kayfiyat va muhit juda yaxshi. «Dinamo» - katta bir oiladek. «Neftchi»ga qarshi kubok o‘yinida mag‘lub bo‘lgandik, ammo Superliga bahsi bu mutlaqo boshqa o‘yin. G‘alabali yurishimizni davom ettirish uchun barchamiz maksimal harakat qilishimiz kerakligini yaxshi bilamiz. Jangovar ruhda tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Navbatdagi bahsda ham g‘alaba juda zarur. Borimizni berib, muxlislarni quvontirish uchun to‘p suramiz.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.