Seul: Kim Chen Inning o‘g‘li bor-yo‘qligi tasdiqlanmagan, qizini voris deyishga hali erta

Ikki Koreyani birlashtirish vaziri Kvon Yen Se fikricha, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning qizini merosxo‘r deb hisoblash mumkin yoki yo‘qligini aytishga hali erta.

“Shimoliy Koreya vorislik rejasini boshlagan taqdirda ham, qiz harbiylarga e’tibor qaratgan Shimoliy Koreya rejimini boshqara oladimi, yo‘qmi, degan savol tug‘iladi”, dedi Kvon Yen Se CBS radiosiga bergan intervyusida.

Uning qayd etishicha, KXDR jamiyati janubga qaraganda ancha patriarxaldir. Shuning uchun Kim Chju Eni otasi - Kim Chen Inning vorisi deb hisoblashga hali erta.

Gap shundaki, keyingi paytlarda mamlakat rahbari qizini ommaga tez-tez olib chiqishi kuzatildi. Kim Chen Inning muhim tadbirlarda qizi bilan paydo bo‘lishini vorislikka tayyorlash sifatida ko‘rildi, deydi Shimoliy Koreya eksperti Chung Song Chan.

KXDRda yadro kallaklari sonini ko‘paytirish zarurligini e’lon qilgan Kim Chen In yanvar oyida bunday yuklarni olib yurishga qodir KN-23 raketalari saqlanadigan omborni qizi bilan birgalikda ko‘zdan kechirgan edi.

"Kim Chju E ancha yosh, biroq u allaqachon “keyingi avlod ramzi” sifatida ko‘rsatilgan va unga mamlakat yadro arsenali haqida ma’lumot berilmoqda", deyildi qiz raketa uchirish maydonlarida paydo bo‘lganida.

Bunga javoban ota: "Bu yerda yosh muhim emas, chunki otam Kim Chen Ir meni vorisi etib tayinlaganda, atigi 10 yoshda bo‘lganman", deb javob berdi.

Biroz o‘tib, Kim Chen In va uning qizi Vazirlar Mahkamasi va Mudofaa vazirligi a’zolari o‘rtasidagi sport musobaqalarida qatnashdi. Va bu uning beshinchi marta omma oldida chiqishi bo‘ldi.

Undan so‘ng Kim Chen In qizi va rafiqasi bilan Koreya xalq armiyasi qo‘mondonlari qarorgohiga tashrif buyurishdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozircha Seulda Kim Chen Inning birinchi farzandi hisoblangan o‘g‘li bor-yo‘qligini tasdiqlashning iloji yo‘q.

Internet ma’lumotlaridan G.Xoldorova tayyorladi.