Sevishganlar o‘z joniga qasd qildi

Qoraqalpog‘istonda yigit sevgilisini pichoqlab o‘ldirgani haqida turli mish-mishlar tarqalgan edi. Ushbu hodisa yuzasidan sud ishi oxiriga yetib, sirli qotillik haqida O‘zAda ma’lumot berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.T. Toshkent shahrida qurilish ishlarida yurib, o‘zining gaplashib yurgan qizi S.Quralbayevaning boshqa yigitga turmushga chiqqanligi to‘g‘risidagi xabarni eshitadi. Darhol qiz bilan bog‘lanib, voqeaga oydinlik kiritadi.

Shundan so‘ng A.T. Qoraqalpog‘istonga qaytadi. Suygan qizi bilan uchrashgach, ikkisi avval o‘zaro berilgan va’dasini, ya’ni “agar turmush qurmasalar, o‘z joniga qasd qilish” va’dasini bajarishga kelishadilar.

 Ertasi kuni bu ishni amalga oshirishga kelishgan juftliklar qabristonga kelgan. A.T. esa o‘zi bilan pichoq olgan bo‘lib, suiqasd oldidan yosh kelinning turmush o‘rtog‘iga telefon qilib o‘z qarorlarini bildirgan. Dastlab A.T. qizning chap ko‘krak qismi, bo‘yin va qorin sohasiga bir necha marta pichoq urdi. So‘ng o‘zini ham pichoqladi. Ammo voqea joyiga o‘z vaqtida yetib kelgan tez tibbiy yordam tufayli A.T.ning hayoti saqlab qolindi.

Ushbu holat bo‘yicha olib borilgan sud ishida A.T.ga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.