Shaffof baholash tizimi talabalarga nima beradi?

Samarqand davlat universiteti prorektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ahmadjon Soliyev universitetda joriy etilgan talabalar bilimini baholashning adolatli va shaffof, jumladan, muayyan fan o‘qituvchisining yakuniy nazoratda ishtirok etmasligini ko‘zda tutuvchi tizim samarasi haqida fikr yuritdi.

- Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida 30 ming nafarga yaqin talaba tahsil olib, ularga 1000 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi ustozlik qilyapti, - deydi A.Soleyev. - Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab vazifalarni belgilab berdi. Murojaatnomada ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada oliy o‘quv yurtlari rektorlari, professor va o‘qituvchilari ta’lim jarayonlarida faol bo‘lishi, yangi, ilg‘or usullarni joriy qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Zamon talabiga javob beruvchi mutaxassislarni tayyorlash har bir oliy ta’lim muassasasining birlamchi vazifasi hisoblanadi. Bu esa o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiyalarni, innovatsion pedagogik texnologiyalarni va talabalar bilimini adolatli hamda shaffof baholash mezonlarini samarali tatbiq etishni taqozo qiladi.

Bugun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida joriy qilingan kredit-modul tizimi talabalar bilimini to‘liq baholashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi. Bular talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash va ular bilimini adolatli, shaffof mezonlar asosida baholashdir.

Keyingi yillarda universitetimizda talabalarning fanlarni mustaqil o‘zlashtirishi uchun yetarlicha sharoitlar yaratildi, uslubiy ta’minot yaxshilandi. Biroq talabani o‘z ustida mustaqil ishlashga o‘rgatishda bu chora-tadbirlar yetarli emasligi ko‘zga tashlanib qolyapti. Shu bois talabalar bilimini baholash mezonlari muayyan fan bo‘yicha mustaqil ishni bajarish orqali erishiladigan natija ekanini inobatga olgan holda ishlab chiqishni taqozo qiladi. Bunda har bir talaba o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan fanlardan mustaqil ta’lim topshiriqlari bilan ta’minlanishi lozim. Muhimi, bu topshiriqlar aniq mezonlar — o‘z vaqtida, nazariy va amaliy bilimlarga asoslangan holda bajarilganiga qarab baholanishi shart.

Talabaning mustaqil ishlashidan asosiy maqsad — unda o‘qituvchining rahbarligi va nazorati ostida muayyan o‘quv ishlarini mustaqil ravishda bajarish uchun bilim, ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirishdir. Nazariy mavzularni o‘quv adabiyotlari yordamida mustaqil o‘zlashtirish, berilgan mavzular bo‘yicha axborot, referat, taqdimot tayyorlash, bilimlarni amaliyotda qo‘llash, maxsus adabiyotlar bo‘yicha fanning bo‘lim yoki mavzulari ustida ishlash talabada yetarli malaka shakllanishiga olib keladi.

Odatda ko‘pgina oliy ta’lim muassasalarida mustaqil ta’lim amaliy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik hamda mavzu bo‘yicha referat tayyorlash tarzida taqsimlanadi. Mustaqil ta’limning mavzu hamda savollari fanning boshlanish davrida taqsimlanishi, topshirilish muddatlari fanlar kesimida aniq belgilanishi zarur. Chunki bir necha fanlardan mustaqil ta’lim topshirig‘ini olgan talaba semestr oxirida ularni sifatli topshirishi imkonsiz ekanining guvohi bo‘lyapmiz. Ko‘p hollarda esa internetdan olingan “tayyor” referatlar o‘qituvchi qo‘liga kelib tushmoqda. Va bu holat talabani adolatli baholash mezoniga to‘siq bo‘lishi shubhasiz. Topshiriqlar semestr oxirida yig‘ilib, talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilim sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli bilimni nazorat qilish va baholash mezonlari talablaridan kelib chiqqan holda, semestr davomida ball yukini teng taqsimlash kerak. Buning uchun fan xususiyatlari inobatga olinib, lozim topilsa, o‘qituvchiga tizimga kerakli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni qo‘shish imkonini berish zarur.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida muhokama qilingan, tadqiq etilgan mustaqil ish savollari javobi esse, keys yechimi, loyiha va referatlar tarzida bajarilib, o‘qituvchiga topshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin. Amaliy mashg‘ulotlarda mustaqil ishlarning muhokama etilishi berilgan topshiriqlarning bajarilish jarayoni, talabaning bu vazifa yuzasidan kompetentligi, salohiyatini aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, talaba o‘zi uchun kerakli yo‘l-yo‘riqlarni o‘qituvchidan so‘rab olishi mumkin. Muayyan ball bilan baholanadigan oraliq nazoratlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, agar misol yoki masala bo‘lsa, ma’qul sinov vositasidir, lekin nazariy savollarni bu yo‘l bilan tekshirish ham ma’naviy eskirgan, ham moddiy jihatdan ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon sanaladi. Biz mustaqil ta’lim oraliq nazorat sifatida baholanib, unga umumiy ballning 20-30 foizini ajratish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Oliy ta’limda talabalar bilimini samarali baholashni doimiy takomillashtirib borish dolzarb vazifa hisoblanadi. Bunda ta’lim yo‘nalishlari, fanlar xususiyati, mutaxassislik talablarini hisobga olish ayniqsa muhim. Mutaxassislik xususiyatlariga qarab, ba’zi fanlarni baholash jarayonini soddalashtirish mumkin. Sinov, mustaqil ish, yozma ish, test sinovi va og‘zaki imtihon kabi baholash turlari bilan kursni yakunlashni joriy qilish talabalarning mutaxassislik fanlarini chuqur, samarali o‘zlashtirishlariga zamin yaratadi. Yakuniy nazoratni fan turiga qarab, yozma, og‘zaki shaklda va inson omilidan xoli tashkil etish ta’lim sifatini oshiradi.

Universitetimizda talabalar bilimini nazorat qilish tartibi, baholash mezonlari ishlab chiqilgan va o‘quv jarayoniga joriy etilgan. Mazkur nizom davlat ta’lim standartlariga muvofiq talabalarda tegishli bilim, ko‘nikma va malaka shakllanganligi darajasini nazorat va tahlil qilib borish, kasbiy kompetensiyasini shakllantirish, uni doimiy ravishda oshirish imkonini beradi. Shuningdek, yangi bilimlarni mustaqil egallay bilish, o‘z ustida ishlash, egallagan bilimlari asosida mustaqil fikr-mushohada yuritish hamda ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va ulardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Dunyoning yetakchi xorijiy OTMlarida talabalar bir semestrda 3-4 fandan imtihon topshiradi. Bu, o‘z navbatida, talaba ushbu fanlarni mustahkam o‘rganishi va o‘zlashtirishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Mamlakatimiz OTMlarida esa bir semestrda yakuniy imtihon topshiriladigan fanlar soni o‘rtacha 7-9 tani tashkil etadi. Shuningdek, attestatsiya uchun ajratilgan muddatning qisqaligi (2018-2019, 2019-2020 o‘quv yillarida attestatsiya uchun ikki hafta muddat ajratilgan) sababli imtihonlar har ikki kun oralig‘i bilan o‘tkaziladi. Tabiiyki, bu holat bizning talabalardan ikki karra ko‘p o‘qish va izlanish talab qiladi.

Endilikda talabalardan o‘quv rejadagi fanlarni shunchaki o‘rganishni talab qilish emas, balki o‘quv rejaga “oz va soz” fanlarni kiritish hamda ular yordamida bo‘lg‘usi kadrlarni o‘z sohasining bilimli va sifatli mutaxassisi bo‘lib yetishishiga erishishimiz lozim. Haqiqatan, adolatli baholash tizimi orqali talabaning bilimi va kasbiy kompetensiyasini aniqlash — ta’lim sifatini ko‘rsatuvchi yagona omildir. Shuning uchun ob’yektiv baholash tizimini yaratish va uni mukammallashtirib borish universitetimizning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Keyingi yillarda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida oliy o‘quv yurtimizga xorijlik yetakchi olimlar va professor-o‘qituvchilar jalb qilinib, talaba-yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida ta’lim-tarbiya berish yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida, professor-o‘qituvchilarimiz tajriba orttirish maqsadida Janubiy Koreya, Fransiya, Angliya, Isroil, AQSh, Italiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda bo‘ldi. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirishda o‘quv adabiyotlari bilan yetarli darajada ta’minlash va ularning yangi avlodini yaratish muhim ahamiyatga ega. Keyingi ikki-uch yilda universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 350 nomdagi o‘quv qo‘llanma, darslik, monografiya nashr etildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ta’lim tizimi korrupsiyadan xoli bo‘lmagan, talabalarining bilimi adolatli, shaffof, xolis baholanmaydigan mamlakat oxir-oqibat tanazzulga yuz tutadi.

Ilgari har qadamda uchrab turadigan, o‘qishga kiritib qo‘yadigan “shovvozlar”ning bugun turli-tuman nayranglari o‘tmay qoldi. Afsuski, avvallari kafedraga 0,25 shtat birligida ishga joylashib, yil bo‘yi abituriyent ovlaydigan “tankalar” ko‘payib ketgan edi. Hamma narsani pulga chaqqanlari bois, ular o‘rtahol o‘qituvchilarni, hatto professorlarni ham mensimas, dang‘illama hovli-joy qurib, yiliga 2-3 ta yangi avtomobil almashtirar edi. Pora va qing‘irlikning har qanday ko‘rinishidan cho‘chimaydigan bunday kimsalarni ko‘rib, oliy ta’limning kelajagidan qattiq iztirob chekkan va umidsizlikka tushgan paytlarimiz ham bo‘lgan.

Shukrki, keyingi yillarda, birinchi navbatda, jamiyat tanasiga chuqur ildiz otgan korrupsiyani quritishga bel bog‘landi. Muhimi, bu o‘zgarishlar sohaning haqiqiy jonkuyarlari ko‘nglini ko‘tardi, ta’limni korrupsiyadan tozalash davri kelganining o‘ziga xos nishonasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada o‘qishga kirishda korrupsiyaga barham berilganini, ammo oliy ta’lim muassasalari ichidagi korrupsiya hali ham saqlanib qolayotganini urg‘ulab, unga qarshi muttasil va tizimli kurashish zarurligini ta’kidladi. Darhaqiqat, keyingi yillarda o‘qishga kirishda hujjatni onlayn qabul qilishdan boshlab, barcha jarayonlar Davlat test markazi tomonidan shaffof tarzda amalga oshirilmoqda. Abituriyentlar va ularning ota-onalari e’tiroziga sabab bo‘lgan kasbiy (ijodiy) imtihonlardagi nohaqliklar bartaraf etilib, korrupsion holatlarning oldi olindi. Universitetimizda rektorimiz Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan respublikada birinchilardan bo‘lib, talabalar bilimini baholashning adolatli va shaffof, jumladan, muayyan fan o‘qituvchisining yakuniy nazoratda ishtirok etmasligini ko‘zda tutuvchi tizim joriy etildi.

Yakuniy nazorat va baholashni maxsus tashkil etilgan «Talabalar bilimini baholash» bo‘limi boshqaradigan, nazorat savollarining variantlari ham shu yerda tuziladigan bo‘ldi. Bu jarayondagi shaffoflik shu darajadaki, talabalar yakuniy imtihonni fakultet o‘qituvchilarining ishtirokisiz, talabalar bilimini baholash bo‘limi xodimlari nazorati hamda maxsus kameralar kuzatuvi ostida topshiradi. Yozma ishlar boshqa OTMga yuborilib, bevosita ularning professor-o‘qituvchilari tomonidan xolis baholanadi. Bu borada respublikamizning 10 dan ortiq OTMlari bilan shartnoma imzolangan. Sa’y-harakatlar qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Hukumatimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, xususan, ish haqining sezilarli oshgani ham bunga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Ayni paytda universitetimizda talabalar bilimini nazorat qilishning adolatli tizimini takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Professor-o‘qituvchilarimiz bundan keyin ham mamlakatimiz manfaatlari yo‘lida yuqori malakali, yuksak salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash va mehnat bozorini raqobatbardosh sifatli kadrlar bilan ta’minlashga bor bilim, kuch va salohiyatini safarbar etaveradi.