Shaharsozlik sohasidagi asosiy muammo nima?
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida “O‘zbekiston Respublikasida arxitektura, shaharsozlik va dizaynni modernizatsiyalash hamda innovatsion rivojlantirish muammolari va yechimlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyada shu kabi savollarga javob izlandi.
Institut rektori S.Axmedov, Orif Gulxaniy uy-muzeyi direktori, landshaft dizayn bo‘yicha mutaxassis M.Orifovlar mamlakatimizda shaharsozlik, landshaft arxitekturasi va dizaynini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
– Arxitektura va qurilish raqobatbardosh soha bo‘lib, o‘z navbatida yangi g‘oyalarni, innovatsion texnologiyalarni hayotga tatbiq etishni taqozo qiladi, – deydi Qurilish vazirligining ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Qo‘ldoshev. – Ushbu soha faoliyatini o‘rganish jarayonida islohotlarni jadal amalga oshirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ham ko‘zga tashlanmoqda.
Asosiy muammolardan biri shaharlarning bosh rejalari o‘z vaqtida ishlab chiqilmayotganligi yoki uning tasdiqlanmayotganidir. Sababi aksariyat shaharlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’yektlarni ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, bino va inshootlarni qurishdagi mavjud me’yoriy hujjatlar innovatsion loyihalar asosida ishlab chiqilmaganligi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ichki va xorijiy investitsiyalarni qurilish sohasiga jalb qilishni ortga surmoqda, deyildi konferensiyada.
Konferensiya ishi sho‘’balarga bo‘lingan holda davom etmoqda.
Bahriddin XONKELDIYeV.