Shakarning iste’mol me’yori qancha?

Statistik ma’lumotlarda keltirilishicha, har bir rossiyalik bir kunda o‘rtacha 100-140 gramm shakar iste’mol qilsa, amerikaliklar undan ham ko‘proq 190 gr qabul qilishar ekan. Yevropa va Osiyoda yashovchi kishilar bir kunda o‘rtacha 80 gr dan 90 gr gacha shakar iste’mol qilishar ekan. Bu haftada bir kilogrammni tashkil qiladi va normadan ancha ko‘p. Bir kunlik shakar iste’mol qilish normasi boshqa ovqatlar va ichimliklar bilan olinganda 30-50 gr ni tashkil etadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, sutkalik shakar qabul qilish umumiy kaloriyaning 5 foizidan oshmasligi lozim. Bu taxminan 6 choy qoshiq shakarni tashkil qiladi (30 gr).

Shuni ta’kidlash lozimki, tozalangan shakarga talab odam organizmida umuman yo‘q.

Ko‘pchilik lavlagidan shakar olinishini biladi. Lekin ba’zilar shakar iste’mol qilish tufayli sun’iy ovqatlanayotganligi va bu narsa inson salomatligiga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega emas.

Shakarni organizmga zarar keltirmasdan qanday iste’mol qilish kerak?

Shakarni hozirgi paytda kishilar tomonidan ko‘p iste’mol qilinishini inobatga olib o‘ta zararli deb atash ham o‘rinli bo‘lmaydi. Shu qatorda uning organizmga ko‘rsatadigan ijobiy ta’sirini, me’yorini hisobga olgan holda uning salbiy oqibatlarini oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarni berish mumkin:

1. Esda saqlang, shakar faqat shakarda emas, balki qand, konfet, navvot va undan tayyorlanadigan shirinliklar ham rafinadlangan shakar hisoblanadi. Imkoni boricha rafinadlangan shakar o‘rniga tabiiy shirinliklar iste’mol qilganingiz ma’qul. Shakar o‘rnida tabiiy shirinlikka boy bo‘lgan asal, shinni, sumalak, mevalar iste’mol qilish yoki ulardan tayyorlanadigan mahsulotlar eng maqbul taom. Ular sizning kayfiyatingizni oshiradi va kuch-quvvat beradi, shu bilan birga organizmingiz uchun vitiminlar, minerallar va kaloriya beradi, ichki ichak faoliyatini yaxshilaydi.

2. Shakar qabul qilgandan so‘ng og‘izni suv bilan chayish kerak. Og‘izni shirinlikdan keyin chayish tish emalini asraydi.

3. Harakat qiling. Organizmga harakat ijobiy ta’sir qiladi. Kishi yoshi ulg‘ayishi bilan iste’mol qilish ko‘payadi, harakat esa kamaya boradi. Natijada organizmda ortiqcha kaloriya to‘planishi turli xastaliklar kelib chiqishiga olib keladi.  

Saydullo Rasulov,

Samarqand davlat tibbiyot instituti xodimi,

tibbiyot fanlari doktori.