"Sharq taronalari" XII xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ishlari boshlandi
Shu yilning 26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida "Sharq taronalari" o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Dunyo xalqlari o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, musiqa san’ati an’analarini rivojlantirishga qaratilgan ushbu festivalning nufuzini yanada oshirish maqsadida 2019 yil 26 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga binoan hozirdanoq musiqa festivaliga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, Registon maydoni atrofidagi uy-joylar tartibga keltirilmoqda.
- Majmua atrofida 14 ta ko‘p qavatli uy bor, - deydi viloyat Uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish bosh¬qarmasi boshlig‘i Rustam Sattorov. - Bu yil uy-joylarda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish maqsadida 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Shu mablag‘ning 5,3 milliard so‘mi ta’mirlash ishlariga yo‘naltiriladi.
Jumladan, Registon ko‘chasidagi beshta uyning ko‘rinishiga (fasadi) milliy tus - sharqona bezak beriladi. Uylarning orasida - orqa tomonidan qo‘shimcha ravishda yana uchta avtoturarjoy, ikkita bolalar maydonchasi, sakkizta shiypon quriladi. To‘rtta joyda sug‘orish artezian qudug‘i qaziladi. Hozir bu ishlar jadal olib borilmoqda. Obodonlashtirish ishlari shu oyning oxiriga qadar nihoyasiga yetkaziladi.
Xullas, yaqin kunlar ichida Regis¬ton hududi ko‘rkam qiyofa kasb etib, xorijiy sayyohlar hamda shahrimiz mehmonlari uchun fusunkor go‘shaga aylanadi.
Adham HAYITOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).