“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida 80 ta davlat vakillari ishtirok etadi
1997 yildan beri har ikki yilda muntazam o‘tkazib kelinayotgan festival oxirgi marta 2019 yilda bo‘lib o‘tgan edi. Shuning uchun ko‘pchilik "Bu festival yana o‘tkazilarmikan?", degan savolga javob izlayapti.
– 2021 yilda o‘tkaziladigan festival pandemiya sababdi qoldirilgan edi, - deydi viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi boshlig‘i Shahzod Eshonqulov. – Insoniyatni sinovdan o‘tkazgan og‘ir kunlar ortda qoldi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarorida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish belgilandi. Joriy yil ham an’anaga muvofiq avgust oyining oxirgi o‘n kunligida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan ushbu xalqaro festivalga katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.
"Sharq taronalari" jahon xalqlari milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni asrash va rivojlantirishda beqiyos o‘ringa ega, qolaversa, san’at orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, insonlarni ezgu g‘oyalar atrofida jipslashtirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
- Festivalning nufuzi ortib, ishtirokchilari geografiyasi ham tobora kengayib boryapti, - deydi Shahzod Eshonqulov. - Bugun ko‘plab mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, mashhur san’at namoyandalari unda qatnashishni o‘zlari uchun sharaf deb biladi. 1997 yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, 2019 yilda o‘tkazilgan festivalda 75 ta davlatdan 340 nafar vakil qatnashgani ham shundan darak berib turibdi. To‘rt yil davomida san’atkorlar ham, musiqa san’ati ishqibozlari ham "Sharq taronalari"ni sog‘ingan. Shu kungacha 80 ta mamlakat san’at vakillari nufuzli festivalda ishtirok etish istagini bildirdi.
Musiqiy festivalga tayyorgarlik doirasida mehmonlarni kutib olish va mehmonxonalarga joylashtirish, ularga tarjimon, gid-ekskursovod ajratish, sayohatlar tashkil etish, transport xizmati ko‘rsatish va boshqa xizmatlar bilan bog‘liq har bir masalaga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Keyingi yillarda shahrimiz xalqaro miqyosdagi ko‘plab tadbirlarga mezbonlik qildi. Ushbu tadbirlar sabab sayyohlik rivojlandi. Bu yilgi festivalda har doimgidan ko‘proq ishtirokchilar va mehmonlarning tashrifi kutilyapti.
Sulaymon Mardiyev.