Shaxmat tarixidan: Podsholar o‘yini
Taxta ustidagi o‘yinlarning birortasi shaxmatga tenglasholmaydi. Bu aqliy o‘yin ijod va fikrlash, ko‘p yurishli kombinatsiyalarga, ya’ni butun bir qo‘shin strategik harakatlari elementlariga boy. Shu bois bo‘lsa kerak, shaxmat paydo bo‘lganidan boshlab bu o‘yin “Podshohlar o‘yini” deb nom olgan.
Hindistondan tuhfa
Abul Firdavsiyning “Shohnoma” asarida hind elchisining Forsga sayohati qiziqarli tafsilotlarga boy. Maukxara sulolasidan Qirol Sarvavarman fors shohi Xisrav Anushervonga 565 yilda tinchlik ramzi palma gulchambari va qimmatbaho tuhfalar yuboradi. Minglab tuyalar va 90 filga tilla va marvaridlar, shoyi va qurollar, sarxil meva va noyob rezavorlar yuklangandi. Ular orasida zumrad va marvariddan yasalgan 32 figurali g‘ayrioddiy yangi o‘yin toshlari va 64 katakli taxta bor edi.
Karvon olis yo‘lini muvaffaqiyatli bosib o‘tadi. Tinchlik missiyasi qudratli shoh tomonidan xushnudlik bilan kutib olinadi. Ammo boshqa rivoyatlarga qaraganda, bundan maqsad – shahanshohni qanchalik dono, sehrli o‘yin sirini anglay oladimi-yo‘qmi, qobiliyatini sinab ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Shoh o‘zini qiynab o‘tirmaydi, buni mashhur donishmand Vazurmehrga topshiradi. U osongina bu o‘yin urushga o‘xshashini aniqlaydi. Arablar Forsni bosib olganida ularning o‘ljalari orasida qadimiy shaxmat ham bor edi va istilochilar mamlakatlarini zabt etishda undan foydalanishadi.
V asrda shaxmat Hindistonda “Chaturanga” nomi bilan paydo bo‘ladi. Bir qator o‘zgarishlarga uchrab, VII–VIII asrlarda yangi ko‘rinishda shatranj nomi bilan arab davlatlariga borib qoladi. O‘rta yer dengizi mamlakatlari, keyinchalik G‘arbiy Yevropada shaxmat o‘yini keng tarqaladi.
Jangovar yurish
Shaxmat figuralarining qatiy joylashuvi ularning har biriga aniq vazifalarini yuklaydi. O‘yin davomida ularning yurishi haqiqatan ham chinakam jangni eslatadi.
Bu chindan ham shaxmat harbiy o‘yin sifatida paydo bo‘lganini ko‘rsatadi. Qadimgi Hindistonda bekliklar o‘rtasida oxiri yo‘q o‘zaro urushlar sharoitida bu sifat yuqori baholangan.
Hindshunos tarixchisi Renata Said bu fikrni tasdiqlovchi qator dalillarni keltiradi. Hind amirliklari - bekliklari jang maydonida lashkarlarni shaxmat taxtasidagidek joylashtirishgan. Unda piyodalar o‘rtada joylashtirilgan va front bo‘ylab sekin harakatlanib borgan. Qanotlarda jangovar fillar joylashtirilib dushmanni dahshatga solgan. Zobitlar aravada dushman qo‘shini orqasiga yorib kirgan. Otlar kutilmagan hujumga tashlangan, raqiblarni chekinish yo‘lini to‘sib, ularni o‘rab olgan. Qirol jang paytida dushman qo‘liga tushib qolmaslik uchun qo‘shin ortida harbiy qo‘riqchilar qurshovida ehtiyotlik bilan ilgarilib borgan.
Bosh vazir – hozirgi farzin, oliy martabali shaxs qirolga yaqinroqda borgan, uning harakati cheklanlangan xarakterda bo‘lgan. Arablar shatranj o‘yinida xalifalikning ulug‘ vaziri sifatida unga cheklanmagan kuch-qudrat vakolatini – taxta ustida istalgan tomonga yurish huquqini berishgan.
Bugungi kunga kelib shaxmat yetti yoshdan yetmish yoshgacha odamlarning sevimli aql-zakovat o‘yiniga aylangan.
T.Shomurodov tayyorladi.