“Shef”, “bos”, “xo‘jayin” - rahbarni qanday atagan yaxshi?

- Mumkinmi xo‘jayin?

O‘qib turgan hujjatdan ko‘zimni uzib, boshimni ko‘tardim. Eshikni qiya ochib, undan faqat boshini kiritgan o‘rinbosarimga tikildim. Uning ko‘rinishi boshini eshik qisib qolgan odamga o‘xshardi. Kulgimni bazo‘r bosib, bosh irg‘idim.

- Kiring.

- Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin.

U ko‘lmakli ko‘chada yurgandek, ehtiyotkorlik bilan qadam tashlab, stolim qarshisida tik qotdi.

- Sizga necha bor aytdim, meni xo‘jayin demang deb. Ism-familiyamni aytib murojaat qilish mumkin-ku!?

- Xo‘p bo‘ladi, xo‘j... .

O‘rinbosarga topshiriqlarni berib, unga ruxsat berarkanman, o‘yga toldim. Oldingi ish joyimda menga “shef” deb murojaat qilishardi. Keyingisida xodimlar boshliqni “bos” deb atashga odatlanishgan ekan. Endigisi “xo‘jayin”. Bu balki eskilik sarqitidir. Nima bo‘lganda ham kishini ism-sharifi bilan atagan ma’qul – qandaydir madaniyatli.

Ilgari ishlagan joylarimda ism-sharifimni ayttirishga xodimlarimni qanchalik o‘rgatolmagan bo‘lsam, bu safar ham o‘sha hol takrorlanayotgan edi. Shunday kunlarning birida yangi ishga kelgan yosh xodimlardan biri menga ism-sharifimni aytib murojaat qilsa bo‘ladimi?   Keyin eshitishimcha, uning menga ajablanib qarab qolganiga birdan baqrayib qolishim sabab bo‘lgan ekan. Nima bo‘lganda ham xodimning bu taxlit muomalasi menga tok urgandek ta’sir qilgani rost.

Kayfiyatim bo‘lmay xonamda o‘tirgandim, ruxsat so‘rab xonamga kirgan o‘rinbosar noo‘rin xafa qilingan odamni yupatgandek, ko‘nglimni ko‘tardi:

- Yangi-da, xo‘jayin. Rahbarga qanday murojaat qilishni ham bilishmaydi yoshlar.

Men esa yana biror joyga rahbar etib tayinlansam, xodimlarim menga nima deb murojaat qilishlari haqida o‘ylardim.

Xurshid NURULLAYeV.