Sherzod Shermatov rus tili fani o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlik qilmoqchi
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenov rus tili fani bo‘yicha o‘qishni takomillashtirish, shuningdek, barcha maktablarga rus tili fani o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar qildi.
Xalq ta’limi vazirligida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, yurtimizdagi barcha rus tili fani o‘qituvchilarini qayta tayyorlash uchun O‘zbekiston rossiyalik mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor ekanligi alohida ta’kidlandi.
Rossiyalik hamkorlarga mamlakatimiz o‘qituvchilarini rus tilida bilimlarni sinab ko‘rish va natijalarga ko‘ra ularni qayta tayyorlash dasturini amalga oshirish taklifi berildi.
Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekiston yoshlari uchun Rossiya universitetlarida pedagogika yo‘nalishida o‘qishni tashkil qilish masalasini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston tomoni rossiyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda ushbu sohadagi ta’lim sifatini oshiradigan o‘quv dasturlari va rus tilidagi darsliklarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Xalq ta’limi vaziri va Rossiya Federatsiyasi elchisi yurtimiz maktablariga qo‘shimcha badiiy adabiyotlar taqdim etishda rus tilida ta’lim olib borilmaydigan maktablarga ham alohida e’tibor qaratish bo‘yicha fikr bildirdi.
Uchrashuvda respublikamizdagi barcha maktab bitiruvchilari kamida 3 ta tilni - davlat, rus va ingliz tillarini bilishi kerakligi ta’kidlandi.