Sherzod Shermatov: Saylovda ta’limga haqiqiy yordam beradigan nomzodlarning yutishidan manfaatdormiz

Har saylovda tashkiliy masalalarga eng katta hissa qo‘shadiganlar xalq ta’limi tizimi xodimlaridir. Chunki 75 foiz saylov uchastkalari maktablarda joylashgan (bu yil maktablardagi saylov komissiyasi raisi va a’zolariga alohida kompensatsiya puli ham beriladigan bo‘ldi).

Avvalo, shuncha mehnat qilib, saylovlarni beminnat tashkil etishda yordam ko‘rsatayotgan barcha tizim xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz. Endi ularning shunchalik mehnati uchun ham saylovlarda qatnashib, o‘z huquqingizdan foydalaning!

Faqat iltimos, nomzodlar orasidan aynan maktab uchun, o‘sha saylovda xizmat qilgan xalq ta’limi xodimlari uchun haqiqatda yordam bera oladiganlari bo‘lsa, aynan o‘shalarga ovoz bergan ma’qul.

Agar siz tanlagan nomzod Oliy Majlis deputati bo‘lsa, davlat byudjetidan mablag‘ni aynan ta’lim tizimiga yo‘naltirish bo‘yicha ovoz bersa, shuningdek, nomzod mahalliy Kengash deputati bo‘lsa, unda ta’limga mahalliy byudjet mablag‘larini yo‘naltira oladi.

Byudjetdan mablag‘ kutadigan boshqa sohalar ko‘p. Ammo aynan ta’limni ustuvor qilib, ko‘proq ushbu tizimga e’tibor qilishning ahamiyati bebaho.

Shuningdek, saylovda yutib chiqqanlaridan keyin deputatlar o‘sha maktablarga, u yerdagi pedagogik jamoaga kelgusi 5 yil davomida juda bo‘lmasa, yiliga bir marotaba kelib, amaliy yordam berib ketadi, deb umid qilamiz. Har holda maktablarga yordam umummilliy harakatga aylanishi kerakligi haqida Prezidentimiz tomonidan bir necha bor ta’kidlab o‘tilgandi.