ShHT sammiti munosabati bilan Samarqand shahridagi bir qator ko‘chalarda transport vositalari harakati cheklanadi

Bu haqdagi qaror xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining navbatdan tashqari 69-sessiyasida qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, 14 sentyabrdan 17 sentyabrga qadar Samarqand shahridagi Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, Namozgoh, Sadriddin Ayniy, Registon, Rudakiy, Shohi Zinda, Usta Umar Jo‘raqulov, Islom Karimov, Afrosiyob, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Gulobod, Muqimiy va Dahbed ko‘chalarida barcha transport vositalarining harakati cheklanadi.

Harakat qatnovi cheklangan ko‘chalarda tez tibbiy yordam va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus transport vositalariga istisno tariqasida harakatlanish uchun ruxsat beriladi. Haydovchilarga noqulayliklar tug‘dirmaslik maqsadida aylanma yo‘llar orqali harakatlanish tashkil etiladi.

Xalqaro ahamiyatga ega M-37, M-37A hamda M-39 avtomobil yo‘llarining shahar hududiga kirish-chiqish qatnov qismlarida transport vositalarining harakati cheklanadi.

5 sentyabrdan 20 sentyabrgacha shahar hududiga yuk avtotransport vositalari va maxsus texnika vositalari qatnovi ham vaqtincha cheklanadi.

 

M-37A Samarqand halqa avtomobil yo‘lining 40–43-kilometrlari oralig‘ida joylashgan “Samarqand Siyob savdo” unitar korxonasiga (avtomobillar ehtiyot qismlari bozori) keladigan fuqarolar uchun mavjud avtoturargoh yo‘lning qarama-qarshi qismida joylashganligi sababli unitar korxona 5 sentyabrdan 20 sentyabrgacha vaqtincha faoliyat yuritmaydi.