ShHTga a’zo mamlakatlar fotograflari Samarqandga keldi
Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti oldidan tashkilotga a’zo davlatlar fotograflari Samarqandga keldi.
Shohi Zinda majmuasida Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Eron, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan 20 nafarga yaqin fotograf mamlakatimiz, shu jumladan, Samarqandning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obida va qadamjolaridan suratlar tayyorlash va uni xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilish maqsadida ekanini ta’kidladi.
- Ushbu nufuzli sammit O‘zbekistonda turizm, madaniyat va san’at sohasida olib borilayotgan islohotlarga beriladigan bahoni yanada oshiradi, - deydi pokistonlik fotograf Muhammad Ramzan. – Shu bilan birga, ShHTga a’zo davlatlar fotograflarining ijodiy mahoratini namoyish etish uchun zamin yaratadi. Samarqandda temuriylar davrida bunyod etilgan majmua va yodgorliklar ko‘p. O‘zbekistonga ana shunday me’moriy obidalar aks etgan suratni olib keldim va uni esdalik uchun qoldiraman.