Si Szinpin buyuk Xitoy qurmoqchi: "Mushuk qanday rangda bo‘lishi muhim emas, muhimi, u sichqon tutsin" (2-maqola)

1980 yillarning boshida Xitoy har qanday holatda o‘sishi kerak edi. "Mushuk qanday rangda bo‘lishi muhim emas, muhimi, u sichqon tutsin" - o‘sha davrning eng mashhur iborasi. Den Syaopinning nasihatiga ko‘ra, Xitoy rahbariyatining asosiy vazifasi, birinchi navbatda, yangi imkoniyatlar vagoniga o‘tirishga ulgurganlarga davlat orttirishga yo‘l berish edi, qolganlar bir gap bo‘lar.
Maqsadlar tegishli vositalar - keng ko‘lamli xususiylashtirish, urbanizatsiya, sanoatlashtirish, infratuzilma qurilishiga katta investitsiyalar, tarif va savdo to‘siqlarini pasaytirish, Jahon savdo tashkilotiga kirishni nazarda tutgan. Hatto armiya ham biznes qoidalari bilan «yura» boshladi. Xitoy boyib ketdi, lekin taraqqiyot muvozanatsiz, resurslar to‘plangan, ammo ular adolatsiz taqsimlangan edi.
Endilikda yangi iqtisodiy modelga ko‘ra, mamlakat umumbashariy farovonlikka erishishi kerak va bu vazifa yangi usullarni talab qiladi. Bunda Xitoy tashqi dunyodan mustaqil bo‘lishi juda muhim. Agar ilgari eksport iqtisodiy model drayveri bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakat ikki tomonlama muomala - eksport va ichki iste’molga o‘tmoqda. Shu bilan birga, eksport sifati yuqori bo‘lishi zarur: xitoylik ishlab chiqaruvchilar Yevropaga shubhali qiyshiqko‘z qo‘g‘irchoqlar o‘rniga Tesla bilan raqobatlasha oladigan elektromobillarni jo‘natishi kerak.
Koronavirus Xitoy rasmiylariga “manevr” qilish imkoniyatini berdi: iqtisodiy tanazzulni inqiroz oqibatlari bilan bog‘lash mumkin bo‘lsa, hatto mo‘’tadil o‘sish ham yuqori - 2020 yil oxirida Xitoyda YaIM o‘sishi 2,3 foizni tashkil etdi. Bu esa kuchli iqtisodiy davlatlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkich edi.
Biroq yalpi ichki mahsulot o‘sish ko‘rsatkichlari endi Xitoy uchun ustuvor ahamiyatga ega emas. Demografik siyosat esa e’tibor markazida - 1,5 milliard aholi qarishidan oldin boyishi kerak, tamom vassalom.
Mamlakat rahbariyati norentabel va qarzga botgan korxonalarni saqlab qolish istagini tobora kamaytirmoqda. Agar ilgari «qulashi» uchun juda katta, deb hisoblangan kompaniyalarda muammolar yuzaga kelganda davlat hisobidan najot umid qilsa, so‘nggi yillar tajribasi bu «do‘kon» yopilgani yaxshiligini ko‘rsatdi. Xitoyning eng yirik ishlab chiqaruvchisi – «Evergrande» defolti buning isbotidir.
Yangi maqsadlarga erishish uchun Pekin ilgari imkonsiz bo‘lib tuyulgan yanada qat’iy choralarni ko‘rishi mumkin. Masalan, mol-mulk solig‘ini joriy etish. Bu tashabbusga deklaratsiyada ko‘rsatilganidan ko‘ra ko‘proq mol-mulki bo‘lgan amaldorlar ko‘p yillardan beri qarshilik ko‘rsatib kelmoqda. Ammo shunga qaramay, haqiqatan ham tengsizlik muammosini hal qilishga yordam beradigan soliq islohotlari o‘rniga, rasmiylar hozirgacha faqat ixtiyoriy va majburiy ravishda yirik tadbirkorlarni xayriyaga chaqirmoqda. Shunday qilib, oktyabr oyida Alibaba, Tencent va boshqalar texnologik gigantlar Markaziy Xitoydagi suv toshqinlari oqibatlariga qarshi kurashish uchun jami 46,6 million dollar xayriya qilishdi. Bungacha Alibaba “Umumbashariy farovonlik” (mamlakat iqtisodiy o‘sishining yangi konsepsiyasi) tashabbuslari: texnologik innovatsiyalarni rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va hududlarda qashshoqlikka qarshi kurash uchun 15,5 milliard dollar ajratishini ma’lum qilgan edi.
Hukumat kelgusida iqtisodiyotdagi «teshik»larni pul bilan yopishi rejalashtirmayotganini yaqinda bo‘lib o‘tgan Markaziy iqtisodiy konferensiya yakunlari ham ko‘rsatib turibdi. Unda kelgusi yil iqtisodiyotida amalga oshiriladigan ishlar rejasi belgilab olindi. 2022 yilga mo‘ljallangan asosiy vazifa - iqtisodiy barqarorlik bo‘lib, bu haqda kommyunikeda 25 marta qayd etilgan. Shu bilan birga, sotsialistik tuzum rivojiga hissa qo‘shishi kerak bo‘lgan kapital bundan keyin ham «tikanli qo‘l»larda saqlanadi: ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishni talab qilib, monopoliyaga qarshi qat’iy siyosat olib boriladi. Sotsializmga yordam berish uchun kapital - aslida oksyumoron (qarama-qarshi) tushunchadir, ammo Xitoy hukumati qarama-qarshilikni ko‘rmayapti, boshida aytilganidek, mushuk rangi qanaqa bo‘lishi ahamiyatsiz.
2021 yilda Xitoyning besh ming yillik tarixida boshqa hech bir hukumat qila olmagan - qishloqlarda o‘ta qashshoqlikni tugatilgani e’lon qilindi.
Madaniy sohada yaqinda paydo bo‘lgan har xil taqiq va qoidalar ham yoshlarga yangi davr uchun "to‘g‘ri" qadriyatlarni singdirishga qaratilgan. Bu borada "axloqiy jihatdan chirik" mashhurlar, tatuirovka qilingan sportchilar, fan-klub va hatto ayolsifat erkaklarga ayniqsa, yomon bo‘ldi - ularning ijtimoiy tarmoq akkauntlari bloklanmoqda, telekompaniyalarga ularni efirga chiqarmaslik aytilmoqda.
Muqarrar yetakchilik
Xitoy nafaqat ichi, balki tashqarisidan ham tubdan va jadal o‘zgarib bormoqda. Den Syaopin davrida Pekin ko‘proq o‘ziga e’tibor qilishga va xalqaro maydonda do‘ppaymaslikka – “o‘z imkoniyatlarini yashirish, soyada qolishga” harakat qilmagan. Endilikda Xitoy Qo‘shma Shtatlar «oyog‘ini bosayotgan» dunyoning ikkinchi yirik iqtisodi bo‘la turib, tinchliksevar panda terisi ostida ajdaho tishlarini yashira olmasligi aniq.
Biroq ambitsiya va imkoniyatlar bilan bir qatorda mas’uliyat ham oshmoqda. Ayniqsa, bu iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolardir. Chunki Xitoy dunyoning asosiy ifloslantiruvchisi bo‘lib, dunyo issiqxona gaz chiqindilarining to‘rtdan bir qismi uniki. Mutlaq ma’noda bu dunyodagi barcha mamlakatlardan ko‘p, ammo aholi jon boshiga hisoblanganda, Xitoy chiqindisi Amerikanikidan ikki baravar kam. Nima bo‘lganda ham qazilma yoqilg‘isini yo‘q qilish haqida gap ketganda, Xitoydan ko‘p narsa talab qilinmoqda: mamlakat elektr energiyasining 60 foizi hali ham ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalari tomonidan ta’minlanadi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sish barqaror energiya ta’minotiga bog‘liq bulgach, bunday «qaramlik»dan qutulish oson emas-da.
Shu bilan birga, Xitoy muammoga ko‘z yummayapti. 2015-2020 yillardagi oldingi besh yillik davrda mamlakat CO2 chiqindini kamaytirish rejasini ortig‘i bilan bajardi va 2021 yilda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha jahon yetakchisiga aylandi. Bir yil oldin BMT Bosh Assambleyasida Si Szinpin istiqboldagi rejalarini e’lon qildi: Xitoy 2030 yilga kelib uglerod chiqindilarining eng yuqori cho‘qqisiga, 2060 yilga kelib esa uglerod neytralligiga yetadi. Bir yil o‘tgach, BMTda u XXR bundan buyon chet eldagi ko‘mir loyihalarida ishtirok etmasligi va G‘arb davlatlari buning uddasidan chiqa olmayotgan ekan, rivojlanayotgan mamlakatlarga energiya almashtirishda yordam berishini e’lon qildi.
G.XOLDOROVA tayyorladi.