Siyosiy sharh: Tramp fenomeni
AQShning Pensilvaniya shtatida yaqinda bo‘lib o‘tgan respublikachilar partiyasining mitingida sobiq prezident Donald Trampga qarshi suiqasd sodir etildi. Respublikachi nomzodning omadi chopib, naqd ajalning o‘qidan omon qoldi.
Unga qarata o‘q uzgan shaxs shu shtatda yashovchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks bo‘lib, u voqea bo‘lib o‘tgan joyda AQSh Maxfiy xizmati mergani tomonidan o‘ldirilgan. Baxtli tasodif tufayligina o‘q Trampning boshidan biror santimetr naridan o‘tib, qulog‘ini "yalab" ketgan.
Sobiq prezident Donald Tramp AQShni to‘rt yil boshqarib, o‘tgan galgi saylovda navbatni noiloj Jozef Baydenga bo‘shatib bergandi. Ammo u mamlakatga qisqa vaqt rahbarlik qilgan bo‘lsa-da, amerikaliklar uchun esda qolarli prezident bo‘lgandi. Hatto, u o‘sha paytda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan Singapurda uchrashib, birmuncha hech kim xayoliga sig‘dira olmagan voqeani sodir etgandi. Chindan ham bunga ishonish qiyin-u, biroq AQSh prezidentini koreyalik diktator bilan qo‘l siqishib ko‘rishgani chinakam noyob siyosiy voqea bo‘lgandi. Bir vaqtlar, o‘tgan asrning o‘rtalarida, AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Franklin Ruzvelt va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill dunyoni fashizm balosidan xalos etish yo‘lida makkor Stalin bilan qo‘l berishib hamkorlik qilishga, unga yon berishga majbur bo‘lgan edilar. Bugun ham dunyo xalqlari boshi uzra yangi balo – vayronakor atom urushi ko‘lankasi xavf solib turibdi. Donald Tramp o‘sha uchrashuv chog‘ida buni qayta-qayta takrorladi. Uning aytishicha, hozir AQSh va Rossiyada dunyodagi mavjud atom qurollarining 90 foizi to‘planib qolgan. Ushbu dahshatli yadro raketalari arzimagan tasodifiy bir sabab bilan ham ishga tushib ketish ehtimoli kundan-kunga ortib borayotir. Ayniqsa, Shimoliy Koreya va Eronning bu boradagi intilishlarini oldini olish uchun Tramp qattiq harakat qilgan, bu borada u har qanday murosali yo‘l tutish tarafdori ekanini yashirmagan edi. Bunda unga biznesmenlarga xos umumiy til topish, kerak bo‘lsa, asosiy maqsad yo‘lida yon berish, raqib tomonning ham manfaatlarini hurmat qilish singari ko‘nikmalari g‘oyat qo‘l kelgandi. Umuman olganda, Trampning tarjimai holi bilan yaqindan tanishgan kishi uning ishbilarmonligiga qoyil qolmasdan iloji yo‘q. Aytaylik, yaxshi bir lavozimga odam tanlashga to‘g‘ri kelib qoldi deylik, aksariyat ko‘pchilik bu borada eski sinalgan yo‘lni tutadi. Ya’ni, o‘ziga sadoqatliroq kishini yoki bo‘lmasa mo‘mayroq pora bergan nomzodni tanlaydi. Tramp esa buni o‘ziga xos g‘aroyib usul bilan amalga oshirgan va ham munosib odam topgan, ham yaxshigina daromad ham olgan.
Xullas, 2003 yilda “En–Bi–Si” televizion kanalida Tramp “Nomzod” ko‘rsatuvini tashkil etib, o‘zi unga ijrochi prodyusser bo‘ldi. Ko‘rsatuvning asosiy g‘oyasi shuki, ushbu realiti-shou ishtirokchilari o‘z qobiliyatlarini namoyish etib, Tramp rahbarlik qilib turgan kompaniya shoxobchalaridan birida mo‘maygina ish haqi to‘lanadigan top-menejerlik lavozimida ishlash huquqini qo‘lga kiritish uchun kurashadilar. Sinovlardan o‘tolmagan ishtirokchilarga “Siz bo‘shsiz!” deya murojaat qilinadi va ular o‘yindan chiqib ketadilar. Ko‘p o‘tmay “Nomzod” realiti-shousi g‘oyatda mashhur bo‘lib ketdi. Birinchi yilda har bir ko‘rsatuv uchun Trampga 50 ming dollardan 700 ming dollargacha gonorar berishdi. Ikkinchi yildan boshlab esa muallif har bitta shousi uchun 3 million dollardan haq ola boshladi. Bu bilan u televideniyedagi eng yuqori daromad oluvchi shoumenga aylandi va ayni bir vaqtda o‘ziga eng sara ish boshqaruvchilarni tanlab oldi. Xo‘sh, qoyilmisiz?!
Hali bu hammasi emas. 2007 yilda Tramp “Nomzod” ko‘rsatuvi uchun Holivuddagi shuhrat alleyasining yulduziga sazovor bo‘ldi. “Siz bo‘shsiz!” degan jumla Amerikada savdo brendiga aylanib, Trampga hali-hanuz yangi-yangi daromadlar keltirishda davom etmoqda.
Uning qay yo‘sinda prezidentlik lavozimiga erishganligi esa alohida bir necha maqolaga mavzu bo‘la oladi.
Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, oddiy tadbirkorlikdan ish boshlagan Tramp uchun avval millionerlik va milliarderlik martabasiga, keyinchalik esa prezidentlik lavozimiga erishish yo‘li oson kechgan emas. Hozirgacha uni bu boradagi ta’na va malomatlar izma-iz ta’qib etib kelmoqda. Masalan, AQShda muqaddam bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Rossiyaning aralashuvi haqidagi iddaolar tinimsiz ravishda Trampning obro‘yiga soya solib turibdi. Bunda u ikki o‘t orasida qolgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Agar Rossiya aralashuvini tan olsa, o‘zining prezidentlikka qonuniy yo‘l bilan saylanganiga shubha paydo qiladi. Mabodo buni rad etsa, sodir bo‘lgan ko‘pgina voqealarga ko‘z yumishga to‘g‘ri keladi. Haqiqatan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin saylovda Trampning g‘alabasini istaganligini va aralashuv bo‘lganligini yashirmagan. AQSh Federal razvedka byurosida esa kiber-xakerlar tomonidan saylov kompyuterlariga xurujlar bo‘lganligi to‘g‘risida rad qilib bo‘lmaydigan ma’lumotlar mavjud. Ammo, xakerlarning ishi chindan ham Rossiya ma’murlari tomonidan tashkil etilganligini isbotlash qiyin. Putin esa bu iddaolarga nisbatan o‘z fikrini qat’iy qilib aytdi, ya’ni: “Rossiya AQShdagi saylovlarga aralashmagan va bundan buyon ham aralashmoqchi emas. Xakerlar masalasiga kelsak, ular vatanparvarlik kayfiyatidagi kishilar bo‘lishi mumkin. Biroq bunga hukumatning hech qanday aloqasi yo‘q”.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, prezidentlik sayloviga nisbatan buzg‘unchilik sodir etilgan, ammo bu harakatlar saylov natijalariga nechog‘lik ta’sir ko‘rsatgani aniqlanmagan. Shubhasiz, Tramp bu borada ham o‘zining biznesmenlik taomilidan kelib chiqqanligi aniq. Tadbirkorlar, ishbilarmonlar doirasida halollik, lafzda turish va to‘g‘riso‘zlik kabi xislatlar yuksak qadrlanadi. Shu bois bo‘lsa kerak, Tramp saylov oldidan bergan va’dalarining ustidan chiqish uchun izchil harakat qildi va haqli ravishda Amerikadagi ko‘pchilik fuqarolarning ishonchiga sazovor bo‘lgan edi. Masalan, Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish va mamlakatda ishsizlikni kamaytirish tashabbuslari ham aslida Trampga tegishli edi. Ammo u ikkinchi galgi saylovda boy berganligi bois uning rejalarini Bayden amalga oshirdi va katta obro‘ qozondi. Agar Trampga suiqasd uyushtirilmaganida edi Baydenning kuzgi saylovlarda yutib chiqish ehtimoli katta edi. Biroq Pensilvaniyada uzilgan o‘q tarozi shayinini keskin o‘zgartirib yubordi. Trampni jabrdiydaga aylantirib, ikkilanib yurgan elektoratni Tramp tomonga og‘dirib yuborishi ehtimolini kuchaytirdi. Hatto, kelgusi prezidentlik saylovida uning yana g‘olib chiqishi oldindan naqd qilib qo‘yilmoqda. Biroq, shunisi ham aniqki, biznes bilan siyosat, biznesmen bilan prezident orasida tenglik ishorasini qo‘yib bo‘lmaydi. Siyosat, o‘tgan asrlarda yashab o‘tgan bir dohiyning ta’biri bilan aytganda – iflos ish. Unda halollikdan ko‘ra ko‘proq hiylakorlik, ayyorlik, makkorlik kabi “san’at”larni ishga solishga to‘g‘ri keladi. Ushbu usullarni o‘zlashtirolmagan yoki ishlatishdan tiyilgan siyosatchilarning oxir-oqibat muvafaqqiyatsizlikka uchraganlari haqida tarixda misollar behisob ko‘p.
Xudoyberdi Komilov, siyosiy sharhlovchi.