«Snos» qanday amalga oshirilishi kerak?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari, sudyalar va mutaxassislar bilan tashkil etilgan davra suhbatida shu masalada so‘z yuritildi.
Samarqand viloyatidagi shahar va tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, arxitektura va kadastr bo‘limi boshliqlari, hokimlik yuristlari, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, jismoniy shaxslar ishtirok etgan tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov yer uchastkasini davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bilan bog‘liq qonun normalari va qonunosti hujjatlari haqida to‘xtaldi.
- Aslida qonun-qoidalarga to‘liq rioya qilinsa, bu borada hech qanday nizo, bugun ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirayotgan gap-so‘zlarga o‘rin qolmaydi, - deydi X.Yodgorov. - Shu bois, bugungi tadbirimizda «snos» ishlarining asosiy ijrochilari bilan real voqealik, yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar va ko‘ngilsizliklarning tub sabablari haqida yuzma-yuz fikrlashib olish maqsad qilingan.
Ta’kidlandiki, mulk - konstitutsion huquq. Uni buzishga hech kim va hech qaysi davlat yoki jamoat tashkilotiga huquq berilmagan. Biroq davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun u joylashgan yer maydoni olinishi mumkin. Bu albatta, mulkdorni roziligi bilan amalga oshiriladi.
- Aksariyat norozilik va ko‘ngilsizliklar «snos»da ana shu tartibga rioya qilinmayotgani oqibatida kelib chiqmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurov. – Natijada «snos» odamlar o‘rtasida mutlaqo salbiy tushunchaga aylanib qoldi.
Vaholanki, buzilishi kerak bo‘lgan turar yoki noturar joy o‘rnida zamonaviy bino qad rostlashi, natijada hudud ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib, odamlar uchun yangicha, eng muhimi, qo‘shimcha sharoitlar yaratilishiga hech kim qarshilik qilmaydi. Biroq joylardagi mahalliy hokimliklarning tegishli komissiyalari qurilishi rejalashtirilgan loyihalarni joyiga chiqib, aholining fikrini o‘rganmaydi, ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bormaydi. Hokimlar esa yangi quriladigan ob’yekt loyihasini quruvchining qo‘liga tutqazib, ishni boshlashini bildirish bilan cheklanmoqda.
Oqibatda bosh reja asosida hudud qiyofasini yangilanayotgani turli noto‘g‘ri qarashlarga, jumladan «Hokimiyat yerni tadbirkorga sotdi» degan noo‘rin tushunchalarga sabab bo‘lmoqda.
Davra suhbatida davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer maydonini olishning barcha jihatlari atroflicha muhokama qilindi. Oliy sud raisi o‘rinbosari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Yo.Gadoyev.