«Snos» uchun Samarqandga 150 milliard so‘m berilgan
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Samarqand shahrining ayrim hududlarida turar-joy va noturar-joy binolarini ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur hududlarda ko‘chirish ishlarini o‘rnatilgan tartibda amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 maydagi 337-F-sonli farmoyishiga asosan respublika byudjeti hisobidan viloyat mahalliy byudjetiga joriy yil yakuniga qadar qaytarib berish sharti bilan 150 milliard so‘m miqdorida qisqa muddatli byudjet ssudasi ajratilgan.
Bugungi kunda Samarqand shahrida buzilishga tushgan hududlarda jami 160 ta ob’yekt egalariga kompensatsiya tariqasida jami 33,89 milliard so‘m mablag‘lar moliyalashtirilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayni kunlarda Samarqand shahrida shaharsozlik infratuzilmasini rivojlantirish va sayyohlik potensialini yanada rivojlantirish maqsadida Samarqand shahrining 2040 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi “Toshkentboshplan LITI” DUK bosh loyiha instituti hamda xorijlik konsultant-arxitektorlar bilan birgalikda qayta ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga shaharning tarixiy qismini batafsil rejalashtirish loyihasi ham ishlanmoqda.
Bosh rejada “Samarqand Siti” turistik zonasi tashkil etilishi, ushbu turistik zona hududida Samarqand shahrida 2022 yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi Sammiti tadbiri uchun xizmat ko‘rsatuvchi ob’yektlar, shuningdek Kongress zal, mehmonxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qurilishi rejalashtirilishi nazarda tutilgan.
Yo.Gadoyev.
Eslatib utamiz, joriy yilning 29 iyul kuni viloyat hokimligida “Toshkentboshplan LITI” davlat unitar korxonasi bosh loyiha instituti tomonidan Samarqand shahrining 2040 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasining dastlabki taqdimoti o‘tkazilgan edi.