Sobiq deputatning eski choponi
Kun kech bo‘lib qoldi. Shu kunga rejalashtirilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarning oxirgisi tugadi. Uchrashuvga kelganlarga rahmat aytib, mahallaning binosidan chiqdim-da, shoshib mashina tomon yurdim. Ulovga bir-ikki qadam qolganda “Hoy deputat” deb meni kimdir chaqirdi. Qorong‘ida ko‘rmasam-da, ovoz kelgan tomonga qarab “labbay” dedim.
Yonimga yoshi ulug‘, aso suyangan oqsoqol keldi.
– Siz bilan yo‘limiz bir, meni yo‘l-yo‘lakay tashlab ketsangiz. Shu bahona aytmoqchi bo‘lgan gaplarimni sizga aytib olardim, - dedi otaxon.
– Albatta, bobo, - dedim-da mashinani aylanib o‘tib, haydovchi yonidagi yo‘lovchi o‘tiradigan joy eshigini ochmoqchi edim, oqsoqolning yonida turgan mahalla raisi chaqqon eshikni ochib, oqsoqolning mashinada o‘tirishiga yordam berdi. Qariyaga ko‘rsatilgan hurmatni ko‘rib, sergak tortdim. U kishi mashinamga minib, mahalla hovlisidan chiqmaguncha, mahala ahli tarqalmay turganligini shunda sezdim.
– Uchrashuv yaxshi o‘tdi, yaxshi gaplarni gapirdingiz, bolam, – deb gap boshladi bobo. – Deputatlikning mas’uliyati juda katta, buni yodda tuting. Xalqning davlat tizimidagi vakili bo‘lish, har kimga ham nasib etmaydi. Agar Allohning nazari tushmasa, bandasi eshak bozorda dallol ham bo‘lmaydi. Bu nazarni va xalq ishonchini, xalqqa xizmat qilish uchun imkoniyat deb biling.
Bu so‘zlar muloyim va past ohangda aytilar, “xo‘p bo‘ladi” degan javobni talab qilmasdi.
– Mana, bir muddat ishlab ko‘rdingiz, deputatning noni ko‘pchillik o‘ylagandek yumshoq emas, – so‘zida davom etardi u kishi. – Bu qariyaning nasihati biron bir maktab yoki bolalar bog‘chasini ta’mirlash masalasi bilan tugaydi deb o‘ylayotgandirsiz? Xavotirlanmang, meni sizga hech qanday “nakazim” yo‘q. Lekin sizga nasihat qilishga haqqim bor. Men ittifoq davrida Moskvada, mustaqillikka erishilgandan so‘ng Toshkentda, xuddi sizdek deputat bo‘lganman.
Bu gaplarni eshitib, yo‘ldan ko‘zimni olib, boboga tikilib qoldim. Shu mahallada uch-to‘rt marta uchrashuv o‘tkazganman. Bu qariya uchrashuv chog‘ida old qatorning bir chekkasida jimgina o‘tirar, ma’ruzamni miyig‘ida jilmayib eshitar, gohida boshqalarga qo‘shilib, qarsak chalib ma’qullar edi. Ammo biror marta savol bermagan, so‘z olib gapirmagan. Biror bir harakat bilan yig‘ilganlarni yoki mening e’tiborimni o‘ziga qaratmagan edi.
Shu mahalladan ittifoq davrida deputat chiqqanligini, halqqa yaxshi xizmat qilib, hurmat qozonganligini, davlat u kishining mehnatini munosib taqdirlaganligi haqida eshitganman. Ammo...
Hayratimni ko‘rib, bobo “Ha, o‘rtoq deputat men hali tirikman”, deb kuldi.
“Siz yo‘lga qarang, men davom etaman” degan so‘zidan o‘zimga keldim.
– Bobo, menga sen deb gapiravering, o‘g‘lingiz qatori bo‘lsam kerak, – dedim yo‘lga qarab.
– Katta nabiramdan ikki yosh kichiksiz. Ammo men siz deb murojaat qilaman. Nega deysizmi? Chunki meni tuqqan, voyaga yetkazgan, yaxshi va yomon kunimda yolg‘izlatmagan shu zahmatkash halqimning davlat tizimidagi vakilisiz. Nabiram yoshida bo‘lsangiz-da, siz deyishim bu avvalo, xalqimni va o‘zimni hurmat qilganim... Hozir o‘ng tomondan jigarrang darvoza chiqadi. Shundoq, shu darvozaga mashinani buring, ikkimiz uyga kirmasdan, ayvondagi chorpoya ustida bir piyola choy ichamiz.
Mashinani bobo aytgan joyga burib, uzrimni aytmoqchi edim. Og‘iz juftlamasimdan orqamizdan kelayotgan mashinadagi yigitlar yordamida oqsoqol mashinadan tushishga ulgurdi.
Otaxonga ergashdim. Kech kuzning yumshoq kuni bo‘lsa-da, issiq mashina salonidan so‘ng, etni junjiktiradigan havo edi. Bir zumda chorpoyaga cho‘g‘ solingan tog‘ora keltirildi, tog‘ora ostiga qayroq terilib, ustiga sandal qo‘yildi. Sandalda bobo bilan qarama-qashi o‘tirdik. Yigitlardan biri non ushatdi. Bizga choy uzatib, nari ketdi. Duodan so‘ng bobo men bilan quyuq so‘rashdi. Xizmatdagi yigitni chaqirib, xonasida ilingan choponni olib kelishni buyurdi. Chopon keltirilgandan so‘ng bobo yigitga “Akangni yelkasiga tashla” dedi. Yelkamga boboning choponi tashlandi.
Bexosdan choponning yoqasini hidladim. Bu odat yoshligimdan bor. Otam ishli odam edi. Biz uyg‘onmasdan ishga ketib, biz uyquga ketgandan so‘ng keladigan kunlari ko‘p edi. Biz bolalar otamizni sog‘inganda chopon etagiga o‘ralib yiqilsak ham uni talashib-tortishib kiyar edik. Chopon yoqasidagi otamning hidi sog‘inchimizni yupatgan menimcha...
Yoqa hidlab jilmayganimni ko‘rib, bobo kuldi.
– Ey, bolam chollarni hidi shunaqa, bir-biriga o‘xshaydi, bir o‘rnashsa ketmaydi – dedi u kishi. – Otangiz hayot shekilli?
Men “Xudoga shukur” dedim. Choy ho‘plar ekanman, qariya qarshisida o‘zimni ochiq kitobday sezdim.
– Baxtli insonsiz, sizning shu kunlaringizni ko‘rgan otangiz ham baxtli, – dedi oqsoqol biroz tin olib, gapida davom etdi. – Men sizni mana, uch yildan oshdi, kuzataman. Yaxshi, yomon emas. Televizor, radiodagi intervyularingizni eshitaman, gazetadagi maqolalaringizni o‘qiyman. Internetga biron bir gapingiz chiqib qolsa, tayinlab qo‘yganman, nabiralarim darrov o‘qib berishadi. Aytayotgan gaplaringiz, qilayotgan ishlaringiz hozircha ma’qul. “Hozircha” so‘zi ko‘ngligizga botmasin. Negaki, men o‘zim bu yo‘lni bosib o‘tganman, xatolar bo‘lgan va ko‘p deputatning hayoti va faoliyati bilan tanishman. Shuning uchun tajribamdan kelib chiqib, sizdan ikki qoidaga e’tibor berishingizni so‘rardim.
Birinchidan, ijro etuvchi hokimiyatdan qo‘rqmang, uni hurmat qiling. Ijro etuvchi hokimiyat hurmatga sazovor. Shu hokimiyat va sud hokimiyati siz mansub bo‘lgan qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan teng huquqli. Aynan shu hokimiyat o‘z zimmasiga yuklatilgan qonunlar va qarorlarni ijro etish vazifasi sabab xalq bilan yaqindan, yuzma-yuz ishlaydi.
Olib borilayotgan islohotlar qonun chiqaruvchi hokimiyatning vakolatlarini kengaytirmoqda, Yurtboshimiz to‘g‘ri yo‘l tutdi. Chunki islohotlar hokimiyatlar o‘rtasidagi muvozanatni tiklamoqda. Isbotlangan, uch hokimiyatdan bittasining haddan tashqari kuchayib ketishi jamiyatni tanazzulga olib keladi. Bu hokimiyatlar bir-birini nazorat qilib, tanqid qilib, tiyib turishi lozim.
Ammo nazorat, tanqid, talab asosli va qonuniy bo‘lishi kerak. Tanqid qilishdan avval, unga sazovor holatni xolis tahlil qiling. Bu holatning kelib chiqish sabablari va eng muhimi, qonuniy va amaliy yechimi to‘g‘risida fikrni ilgari suring. Tanqiddan osoni yo‘q, unga tezroq ishonishadi. Faqat tanqidga tayangan faoliyatning, obro‘-e’tiborning umri qisqa.
Masalaga xalq manfaati va davlatchilik nuqtai nazaridan yondashing. Shuni esdan chiqarmangki, davlatchilikka ziyon yetkazib, xalq manfaatini yoqlay olmaysiz. Davlatchilik jamiyatimizning suyagi, xalq irodasining tarixdagi buyuk ijobatidir.
Ikkinchidan, kamtar bo‘ling, aniqrog‘i, xokisor bo‘ling. Daxlsizlik huquqi sizga kundalik turmushingizni osonlashtirish yoki boshqalardan ajralib turishingiz uchun berilmagan. Bu huquq sizga xalq xizmatida bo‘lganingizda uchrashingiz mumkin bo‘lgan bosimdan, noqonuniy ta’qibdan himoyalanish uchun berilgan. Shuni bilingki, bu – huquq, majburiyat emas. Ya’ni, undan foydalanish yoki foydalanmaslik sizning ixtiyoringizda. Joiz bo‘lmagan joyda va holatda “men deputatman” deb aytish, nafaqat sizni, balki butun tizim obro‘yini tushiradi.
Siyosatchi sifatida qonuniylikni va daxlsizlik huquqini talab qilishingiz uchun o‘zingiz qonun doirasida bo‘lishingiz va boshqalarning huquqini paymol qilmagan bo‘lishingiz lozim. Xalqimiz, “birovning aybini aytishdan oldin, yoqangni hidla” deydi. Bu gapning zamirida ma’no ko‘p.
Bobo menga ehtirossiz, muloyimlik bilan gapirar, suhbatning bu zayli diqqatimni yanada oshirardi.
Gapimiz qizib ketdi. Biz tog‘oradagi cho‘g‘ kulga aylanguncha suhbatlashib o‘tirdik. Bobo deputatlik davrida boshidan kechirgan ibratli voqealarni gapirib berdi. Men o‘z navbatida, hali ko‘p bo‘lmagan deputatlik faoliyatim bilan o‘rtoqlashdim. Oqsoqoldan duo olib, allamahal uyga qaytdim. Mashina eshigini qulflayotib, boboning meni sovqatmasin deb, yelkamga tashlagan choponini kiyib kelganimni bildim.
Keyingi uchrashuvlarga borganimda oqsoqolni tuman hokimligida mahalliy kengash deputatlari davrasida uchratdim. Choponni olib kelganimni aytsam. Bobo lablariga ko‘rsatkich barmog‘ini qo‘yib, “jim” ishorasini qildi. “Men hammaga deputatni yelkasiga chopon tashladim, deb maqtanib yuribman, siz bo‘lsa, uni menga qaytaraman deysiz, sirni oshkor qilmang-da, bolam...” dedi. Deputatlardan biri “Yelkaga chopon tashlashning nimasi sir oqsoqol?” deb so‘radi. Bobo afsuslangandek bo‘lib, “Ey, chopon qurg‘ur eski edi-da...” dedi. Bu so‘zlardan so‘ng davrada kulgi ko‘tarildi.
Shu satrlarni yozayapman-u egnimda o‘sha chopon. Bu choponga nom qo‘yib olganman – xolislik choponi. Biron bir masala yoki holatga munosabat yozmoqchi bo‘lsam, shu choponni kiyaman. Toki, dimog‘imga yoqadagi hid urib tursin.
Alisher HAMROYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.