Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi og‘u deya muhokama qilingan preparati haqida ma’lumot berdi

Turli ijtimoiy tarmoqlarda Tropikamid dori vositasini Tramadol, Lirika o‘rniga kelgan yangi bir og‘u sifatida talqin etilayotgani haqida chiqishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilib qo‘yidagilar ma’lum qilinadi, deya xabar bermoqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

– Tropikamid dori vositasi oftalmoskopiyani o‘tkazishda va refraksiyani aniqlashda tashxis qo‘yish uchun (shu jumladan, qorachiqni kengaytiruvchi boshqa preparatlarga yuqori sezuvchanlik bo‘lganida), ko‘zning yallig‘lanish kasalliklarini majmuaviy davolashda sinexiyalarni rivojlanishini oldini olish uchun qo‘llanadi, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Farmakologiya qo‘mitasi raisi Zikrilla Tadjixanov. – Ushbu dori vositasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2018 yil 22 oktyabrdagi 50-son buyrug‘iga ko‘ra, shifokor retsepti asosida berilishi belgilangan.

– Tropikamid dori vositasi ko‘zga tomizish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qorachiqlarni kengaytirish xususiyatiga ega, ko‘z kasalliklarida foydalaniladi. Undan qoidaga xilof ravishda foydalanib, in’yeksiya qilinganda qon tomirlari kengayishi tufayli sarxushlik holati yuz beradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Azamat Yusupov. – Ammo Tropikamidni Lirika va Tramadol kabi psixotrop dori vositalari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Tropikamidda narkotik moddalar mavjud emas. Ushbu dori vositasi resseptsiz berilsa, turli noxush vaziyatlar ehtimoli ko‘payishi mumkin. Shu bois yuqorida qayd etilganidek, Tropikamid faqatgina shifokor retsepti asosida berilishi shart.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida” 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida tasdiqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxatlariga Tropikamid dori vositasi nomlanishi bo‘yicha kiritilmagan. Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961 yilgi giyohvandlik moddalari to‘g‘risidagi Yagona konvensiyasi va 1971 yilgi psixotrop moddalar to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq tasdiqlangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatlariga ham kiritilmagan.

– Tibbiyot amaliyotida ishlatishga ruxsat etilgan Tropikamid dori vositasi Davlat Reyestridan “Midaks”, “Tropikamid” nomlari bilan o‘tkazilgan. Sertifikatlashtirish organlarining ma’lumotiga ko‘ra, Tropikamid dori vositasi respublikamizga 2018 yil davomida 562 256 o‘ram, 2019 yil 1 maygacha 447 110 o‘ramda keltirilgan, – deydi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Narkotiklar nazorati qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov. – Ushbu dori vositasi bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlar yuz bergan holatlarda, Sog‘liqni saqlash vazirligiga huquq-tartibot organlari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida, Narkotiklarni nazorat qilish Davlat komissiyasi tomonidan ro‘yxatga kiritilishi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz, Tropikamid dori vositasi dorixonalardan faqat shifokor retsepti asosida berilishi belgilangan.