Soliq haqida qilingan murojaatlar javobsiz qolmaydi

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Ahmedov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda boshqarma boshlig‘i dastlab viloyatdagi davlat soliq xizmati organlariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

- Murojaatlar bilan ishlash boshqarmamiz tizimidagi har bir xodimning birinchi darajadagi vazifasi, - dedi Sh.Ahmedov. – Shuningdek, shaxsiy va sayyor qabullar o‘tkazish, fuqarolarning soliq masalasidagi savollariga javob topish, bu boradagi muammolarini joyida hal etish eng asosiy ishimiz sanaladi. Shuning uchun 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat davlat soliq idoralari organlariga 438 ta murojaat kelib tushdi. Ularning barchasi o‘z vaqtida ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, boshqarmamizning @samarqandsoliqmaslahatchilari telegramm guruhi mavjud. Bu ijtimoiy tarmoq messenjeri orqali ham har kuni o‘nlab murojaatlar keladi va xodimlarimiz o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tezkorlik bilan javob berishadi. Darvoqe, tadbirkorlar, umuman, barcha soliq to‘lovchilar ushbu telegramm va boshqarmamizning (66) 234-06-16 raqamli “Ishonchi telefoni”ga soliq mavzusida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishlari mumkin.

Anjuman davomida jurnalistlar soliq yangiliklari, qo‘shimcha qiymat solig‘i, qabul qilinayotgan Soliq konsepsiyasi asosida tizimga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgarishlar haqidagi savollariga javob oldilar.

Akram BO‘RIYEV.