Soliq inspeksiyasi boshlig‘i ustaga nohaqlik qilganmidi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Zuhra Nasriddinovaning turmush o‘rtog‘iga nisbatan shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i nohaqliq qilganligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi.
Xabarda Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiya boshlig‘i fuqaro Zuhra Nasriddinovaning payvandchilik bilan shug‘ullanuvchi turmush o‘rtog‘ini davlat soliq inspeksiyasi binosida ishlatgani, ishidan ko‘ngli to‘lmay mehnat haqini bermaganligi, shuningdek, payvandlash uskunalarini olib qo‘yganligi sababli bekor o‘tirganligi bayon etilgan.
Mazkur holat Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi.
Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi binosida 2015-2020 yillar davomida payvandlash bilan bog‘liq ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan va bu davr oralig‘ida payvandlash uskunalari olib qo‘yilmagan.
Xabarda Zuhra Nasriddinovaning manzili ko‘rsatilmaganligi sababli u bilan bog‘lanib, xabarni tarqatishga nima asos bo‘lganini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Bundan ko‘rinadiki, xabarda bayon etilganlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimizki, agar davlat soliq xizmati organlari rahbarlari yoki xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasining (66) 234-06-16 raqamli "Ishonch telefon"iga yoki bevosita yuqori turuvchi tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 1198 qisqa yoki (71) 244-98-98 raqamli "Ishonch telefoni"ga murojaat qilishlari mumkin.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.