Soliq konsepsiyasi: u jamiyatga, fuqaroga, tadbirkorga nima beradi?
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining joriy etilishi narx-navoning oshib ketishiga ta’sir qilmaydimi?
QQS qanday mahsulotlarga qo‘llanilmaydi?
Qaysi turdagi soliq hisobotlari soddalashtiriladi?
Tovarlar qoldig‘i uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qo‘llaniladimi?
Bu kabi savollar Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Musayev ishtirokida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlik sub’yektlari, ishlab chiqaruvchilar va qayta ishlovchi korxonalar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirning muhokama markazida bo‘ldi.
Unda Soliq konsepsiyasi, 2019 yildan soliq qonunchiligida tatbiq etiladigan yangiliklar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida tushuncha berildi. Shuningdek, qulay raqobat muhiti yaratish, soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini ta’minlash, soliq yuklamasini kamaytirish, mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish hamda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish konsepsiyaning asosiy maqsadi ekanligi ta’kidlandi.
- Bu kabi tadbirning tashkil etilgani har bir ishlab chiqaruvchi uchun soliq borasidagi bilimlarini oshirib borishda katta ahamiyatga ega, - deydi «Navobod naslli parranda» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Haydar O‘roqov. - Ayniqsa, qo‘mita rahbari ishtirokidagi bugungi tadbirda soliq sohasidagi o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga faoliyatimizda yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topdik va soliq siyosatini takomillashtirish borasidagi o‘z takliflarimizni ham bildirdik.
Tadbir davomida Davlat soliq qo‘mitasi raisi tadbirkorlar faoliyatini tekshirish borasida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar borasida ham ma’lumot berdi.
Shuningdek, tumanlar davlat soliq inspeksiyalarining qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tayotgan korxonalarga biriktirilgan xodimlari uchun amaliy seminar ham o‘tkazildi. Unda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash, QQS to‘lovchilar bilan ishlash tartiblari va mavzuga doir bir qator masalalar yuzasidan atroflicha fikr yuritildi.
Davron RAVShANOV,
Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i.