“Soliqchi - ko‘makchi” tizimining mohiyati nima? U tadbirkorga qanday yordam beryapti?
Ko‘pchilik qiziqqan bu savol bilan bog‘liq holatga Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farrux Ahmedjonov aniqlik kiritdi.
F.Ahmedjonovga ko‘ra, “Soliqchi - ko‘makchi” tizimining mohiyati, eng avvalo, biz endi ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan, unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanligini tanlab berishimizdan boshlanadi. Undan keyin biznes sub’yektining “yashab ketishi”, ya’ni faoliyat ko‘rsatmayotganlarini qayta tiklashga, buxgalteriyasini yuritishi, hisobotlarni to‘ldirishi va topshirishi, xullas, nima muammosi bo‘lsa hal etish bo‘yicha yordam berishga asosiy e’tibor qaratiladi.
Bir misol: viloyat davlat soliq xizmati organlariga I chorak uchun byudjet daromadlariga 853,3 mlrd. so‘mlik reja belgilangan bo‘lib, haqiqatda 931,6 mlrd. so‘mlik tushum ta’minlandi va prognoz ko‘rsatkichi 109,2 foizga (78,4 mlrd. so‘m ortig‘i bilan) bajarildi. Belgilangan rejaning ortig‘i bilan bajarilishida har bir tadbirkorning sa’y-harakatiga uning qiyinchilik va muammolarini tushungan holda, yaqin ko‘makchi sifatida yondashuv asosida ish tashkil qilingani asosiy sabab, desam adashmayman.
Bugungi kunda, faoliyatimiz «Qancha soliq qonunchiligini buzish aniqlandi va qo‘shimcha soliq hisoblandi», deb tadbirkorni jazolashga emas, aksincha soliq qonunchiligining buzilishini nechog‘lik kamayganligi va tadbirkorlarni ortiqcha xarajatlardan saqlab qolishga qancha hissa qo‘shilganligiga qarab belgilanadi.
Darhaqiqat, soliq xodimi, eng avvalo, yangi ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanini tanlab berishimiz zarur. Shundan keyin biznes sub’yektining “yashab ketishi”, faoliyat ko‘rsatmayotganlarini tiklanishiga ko‘mak berish, buxgalteriyasini yuritishi, hisobotlari, xullas, nima muammosi bo‘lsa hal etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga asosiy e’tibor qaratish lozim.
Bugungi sharoit manzilli ishlashni, har bir tadbirkor faoliyatiga uning qiyinchilik va muammolarini tushungan holda ko‘makchi bo‘lishni taqozo etadi. Viloyat davlat soliq boshqarmasida soliq to‘lovchilarni qabul qilish bo‘yicha markaz tashkil etildi hamda boshqarma soliq xodimlarini amalga oshirilishi lozim bo‘lgan funksional vazifalarini belgilab beradigan yagona tartib ishlab chiqildi.
Jumladan, soliq to‘lovchilarni qabul qilish operatsion zalda 22 ta darcha orqali tegishli bo‘limlardan 22 nafar xodim jalb qilingan.
Tashrif buyurayotgan soliq to‘lovchilarning yo‘nalishlari bo‘yicha navbatni elektron boshqarish tizimi (navbatni ko‘rsatuvchi videoekran) bilan jihozlangan.
Tadbirkorlarni faoliyatini endi boshlagan hamda faoliyatini davomi qiyinchilik yuzaga kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga “Soliqchi–tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili bo‘yicha soliq organlari tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilib kelmoqda. Jumladan, ushbu tamoyil doirasida viloyatdagi 42 711 ta tadbirkorlik sub’yektlari o‘rganilib, shundan 34 239 ta tasiga ko‘maklashish zarurligi aniqlandi.
Shuningdek, ko‘maklashish zarur bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining:
- 8 117 tasining dastlabki buxgalteriyasini yuritishda;
- 6 158 tasining soliq qarzi to‘g‘risida ma’lumot berishda;
- 3 328 tasiga soliq rejimini tanlashda;
- 3 744 tasiga soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartiblari;
- 471 tasining 504,0 mlrd. so‘m QQS solig‘idagi mavjud ortiqcha to‘lovni qaytarishda;
- 836 tasining 9,4 mlrd. so‘m boshqa soliq turlaridagi ortiqcha to‘lov summasini qaytarishda;
- 176 tasining 2,8 mlrd. so‘mlik soliq qarzdorligi muddatini uzaytirishda;
- 217 tasining boshqa idora va tashkilotlarga bog‘liq bo‘lgan muammolarni bartaraf etishda ko‘maklashildi.
Misol uchun, Samarqand shahridagi “Family park” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 6 milliard 255 mln. so‘mlik manfiy qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi korxona ixtiyoriga qaytarib berildi. Jomboy tumanidagi “Bradjus” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmini to‘xtatish hamda hisoblangan soliqlarni jamiyat hisob raqamiga qaytarishda ko‘maklashildi.