Soliqchi tadbirkorga ko‘makchimi yoki...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan “Samarqand Chinor Qurilish” xususiy korxonasi rahbarining Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganish davomida Samarqand viloyati soliq organlari tomonidan “Samarqand Chinor Qurilish” xususiy korxonasi va shu kabi boshqa tadbirkorlik sub’yektlaridan asossiz ravishda pul mablag‘larini undirish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasining 2020 yil 24 iyundagi 76-x/s-sonli buyrug‘iga muvofiq, soliqlarning to‘g‘ri hisoblanishi va byudjetga to‘lanishi yuzasidan 22 ta tadbirkorlik sub’yektida kameral soliq tekshiruv o‘tkazilgan. Bu jarayonda inspeksiya xodimlari tomonidan Soliq kodeksining 248, 463 va 303-moddalari noto‘g‘ri talqin etilishi natijasida ushbu tadbirkorlik sub’yektlarining hisob raqamiga 10,58 milliard so‘mga teng inkasso topshiriqnomalari qo‘yilib, 20 nafar tadbirkorning hisob raqamidan 2,47 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ yechib olingan.
Vakil devoni ushbu holatdan norozi bo‘lib, murojaat qilgan 3 nafar tadbirkorning hisob raqamiga qo‘yilgan 2,57 milliard so‘m miqdoridagi inkasso topiriqnomasi olib tashlanishi va noqonuniy ravishda undirib olingan 500 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar qaytarib berilishini ta’minladi.
Shu bilan birga soliq organi xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar respublika Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Sh.Hamdamov,
Vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori.