Soliqqa tushumlar nega kechikmoqda?
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi apparat yig‘ilishida byudjet tushumlari bo‘yicha ikkinchi chorak, shu jumladan, iyun oyi ko‘rsatkichlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama etildi.
Uni viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, qurilish korxonalarida soliqdan qochish yoki to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik holatlari ortib borayotgani tilga olindi. Bundan tashqari, viloyat transport boshqarmasi tomonidan maxsus litsenziya asosida, yuk hamda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 75 ta transport uyushmalari tomonidan 17 iyun holatiga 281 million so‘m miqdorida soliq qarzi to‘lanmagan.
Byudjetga soliq tushumlari prognoz ko‘rsatkichlarining amalga oshirilishida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha yetarli ish olib borilmayotganligi tanqid qilindi. Misol uchun, Urgut tumanida 370, Samarqand tumanida 119, Past Darg‘omda 116, Ishtixonda 86 ta korxona tomonidan soliq organlariga "0" hisobot taqdim etib kelinayotgan bo‘lsa-da, birorta mas’ul korxonaning nima muammosi borligi yoki ularning nima sababdan tushumlarni yashirib kelayotganiga aniqlik kiritmagan.
Byudjetga tushum miqdorini oshirishda ish o‘rinlarini rasmiylashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, naqd pul hamda pullik xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlarda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha mutasaddilarning axborotlari tinglandi.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimizning 2019 yil 11 yanvarda viloyatimizga tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosi ham muhokama etildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilish bayonida belgilangan 206 ta topshiriqning 106 tasi to‘liq bajarilgan. 10 ta topshiriq muddatida bajarilmagan, muddati yaqinlashgan 8 ta topshiriqning o‘z vaqtida bajarilmasligi xavfi bor.
Xususan, Samarqand shahrida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, shahar ko‘chalarini kengaytirish va ta’mirlash, zamonaviy turar va noturar joy binolarini qurish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi kechiktirilmoqda. Bu borada "Samarqand Siyob savdo" unitar korxonasiga qarashli avtomobil ehtiyot qismlari bozori ro‘parasida zamonaviy avtosalon qurish haligacha boshlanmagan.
Chashma kollektori atrofida (Bo‘stonsaroy ko‘chasi) istirohat bog‘i va mehmonxona barpo etish, Bo‘stonsaroy ko‘chasining "Yoshlik" stadionigacha bo‘lgan qismida mehmonxona, bank va savdo majmualari qurish ishlari mutasaddilarning e’tiborsizligi sabab to‘xtab turibdi.
Turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq masala - Cho‘ponota massivida joylashgan sobiq "G‘or" restorani orqasida joylashgan 72 gektar maydonda ko‘ngilochar sayyohlik majmuasi tashkil qilishga kirishilmagan.
Yig‘ilishda viloyat hokimi tomonidan mas’ullarga zarur topshiriqlar berilib, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish belgilandi.
O‘z muxbirimiz.