So‘nggi 4 yilda shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan
Ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi muammolarni ko‘rsatib o‘tdi.
Bu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan Ekologiya qo‘mitasi, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.
Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yo‘g‘i 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Farg‘onadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.