So‘rovnoma yakunlandi: Samarqanddagi qaysi oliygoh ko‘proq samarali va zamonaviy o‘qitish tizimiga ega?

Yuqoridagi savol asosida 20 dekabr kuni e’lon qilingan so‘rovnomamiz yakuniga yetdi. O‘tgan 4 kun ichida so‘rovnoma 70 ming marta ko‘rilib, 35 mingga yaqin ishtirokchi ovoz berish jarayonlarida qatnashdi.

Natijalar quyidagicha:

Samarqand davlat universiteti 27 foiz (9 440 ta ovoz);

Samarqand davlat tibbiyot instituti 24 foiz (8 519 ta ovoz);

Samarqand davlat chet tillar instituti 13 foiz (4 403 ta ovoz);

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 8 foiz (2 843 ta ovoz);

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti 6 foiz (2 160 ta ovoz);

Samarqand veterinariya-meditsinasi instituti 9 foiz (3 074 ta ovoz);

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti 7 foiz (2 299 ta ovoz);

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali 6 foiz (2 149 ta ovoz);

Albatta, foydalanuvchilarning aksariyati oliygohlarga ovoz berishda xolislik mezoniga amal qilishgan, deb umid qilamiz. Shunday bo‘lsa-da, so‘rovnoma yakunlarini e’lon qilishda oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar soni haqida ham ma’lumot berishga qaror qilgandik.

Chunki oliygohda qancha ko‘p talaba bo‘lsa, u yerdagi zamonaviy ta’lim jarayonlaridan ham shuncha ko‘p xabardor bo‘ladi. Shu bois, adolatlilik tamoyilidan kelib chiqib, oliygohlardagi talabalar soni ham muhim.

Ammo mazkur jarayonda qiziq holat ro‘y berdi. “Siz matbuot kotibi bo‘lgan oliygohda qancha talaba tahsil oladi?” degan savolimizga Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va Samarqand veterinariya meditsinasi institutidan boshqa biror oliy ta’lim muassasasi axborot xizmatidan javob olmadik.

Qiziq, matbuot kotiblari o‘zlari ishlayotgan muassasa talabalari sonini bilmaydimi yoki bu ma’lumotni bergisi yo‘qmi?