So‘z ummonida gavhar tergan Navoiy

Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki butun bashariyat ma’naviy merosiga ulkan hissa qo‘shgan, turkiy til va adabiyotining insoniyatning asrlar davomida yaratilgan xazinasi ichra benazir ekanligini  ko‘rsata olgan ijodkordir. Uning adabiyotshunoslik, badiiy ijod, tilshunoslik, shohlar, avliyoyu anbiyolar tarixi, tasavvuf, she’r yozish nazariyasiga doir asarlari o‘z davri ilmiy-adabiy muhitiga doir muhim ma’lumotlarni o‘zida jamlaganligi bilan bugungi ilm-fan rivojiga xizmat qilib kelmoqda.

Alisher Navoiy ijodini temuriylar davri siyosiy muhitisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shoir qiyin siyosiy sharoitda ulg‘aydi, saltanat ishlarida faoliyat olib bordi, badiiy ijod bilan shug‘ullandi. U yashagan davr adabiy jarayonida zullisonaynlik an’anasi hukm surar, ijodkorlar ko‘proq rasmiy doiralarda mavqei yuqori bo‘lgan forsiy tilida asar yaratishga intilar edilar. Ana shunday vaziyatda Alisher Navoiy turkiy tilning forsiy tilidan kam emasligi, ma’no nozikliklari, fikr ifodalash imkoniyatlari boshqa tillardan ustun ekanligini ko‘rsata olgan ehtiyoj farzandi sifatida ilmiy-adabiy maydonga kirib keldi. Alisher Navoiyning har bir asari o‘z davri uchun yangilik hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiyning “Majolisun-nafois” (“Go‘zal majlislar”) asariga qadar forsiy tilda tazkiralar yaratilgan. Alisher Navoiy esa XV asrda yashab, turkiy tilda ijod qilgan yuzlab adabiyot namoyandalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi “Majolisun-nafois” asari bilan bu bo‘shliqni to‘ldirdi. Asarda 459 ta shoirlar va olimlar to‘g‘risida ma’lumot berilgan. “Majolis un-nafois” sakkiz qism - “majlis”dan tashkil topgan, xronologik tartibda yaratilgan ilmiy asar hisoblanadi. Uning har bir majlisi o‘z ko‘lamiga ko‘ra ma’lum bir davrni qamrab oladi. Asarning ilk majlislarida Alisher Navoiydan ilgari yashagan, unga zamondosh bo‘lgan ijodkorlar, 5-6 majlislarda temuriylar davri ijodkorlari, 7 va 8 majlisda temuriylar, xususan, 7 majlisda kelib chiqishi temuriylarga mansub bo‘lgan shoirlar, 8 majlis esa Sulton Husayn Boyqaro hayoti va ijodi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Har bir shoirga tavsif berishda uning ijodidan namunalar keltirilgan.

Alisher Navoiyning turkiy til fazilatlari, fasohatu malohati haqidagi fikrlari uning “Muhokamatul lug‘atayn” asarida o‘z amaliy isbotini topdi. Alisher Navoiy bu asarda turkiy va forsiy tilning o‘ziga xos jihatlarini chog‘ishtirar ekan, turkiy tilining ifoda imkoniyatlari kengligini ko‘rsatuvchi qator dalillar keltiradi, misollarni tahlil qilish orqali fikrlarini asoslaydi. Alisher Navoiy buning uchun turkiy tildagi mavjud quvormoq, quruqshamoq, usharmak, jiyjaymoq, o‘ngdaymoq, do‘msaymoq, umunmoq, yadamoq, qadamoq, chiqanmoq, ko‘ndurmak, so‘ndurmak, suqlatmoq kabi fe’llarni tahlilga tortadi. Alisher Navoiy bu fe’llarning nozik ma’no qirralari to‘g‘risida fikr yuritar ekan, turkiy va forsiy tildagi ko‘rinishlarini o‘zaro qiyoslaydi va shu orqali turkiy tilning nozik qirralarini ko‘rsatib berishga harakat qilgan.

Masalan, sharq adabiyotida muhim o‘rin tutuvchi “may” to‘g‘risida fikr yuritib, “Shuaro akobiridinki, ba’zi «may» ta’rifida mubolag‘a qilibdurlar, va bu mu’taddun bih amredurki, may ichmoq qavoidida so‘z ko‘p surup, zarofat nihoyatsiz zohir qilurlar. (Shoirlarning kattalaridan ba’zilari «may» ta’rifida mubolag‘a qilibdirlar. Bu narsa odat bo‘lib ketganki, may ichmoq qoidalari to‘g‘risida ko‘p so‘zlar yurguzib, nihoyatsiz xush ta’blik ko‘rsatadilar) deyiladi. Alisher Navoiy may ichish holatini ifodalashda turkiy tildagi shu ma’noni beruvchi sipqarmoq so‘zi anglatgan ma’no forsiy tilida yo‘qligini aytadi, shunga ma’nosi yaqin bo‘lgan tomshimoq so‘zida esa ichmoqdan tashqari qo‘shimcha ma’no mavjudligini quyidagicha izohlaydi:

Va tomshimoq ki, g‘oyat; zavqdin bot ichmas va lazzat topa-topa, oz-oz ichar. Bu g‘arib ma’ni adosida turkchada bu matla’ borkim, Bayt:

Soqiy chu ichib, menga tutar qo‘sh

Tomshiy-tomshiy ani qilay no‘sh.

Bu fe’l hozirgi adabiy tilimizda “tamshanmoq” tarzida qo‘llaniladi. “Sipqarmoq” so‘zida ichish jarayonida og‘izning keng ochilmagan tarzda bo‘lishi nazarda tutilsa, “tomshimoq” so‘zida esa aynan ichish emas, balki ichgandan so‘ng og‘izdagi ta’m bilish jarayoni aks etadi.Yoki shoir aytganiday “zavqdin bot ichmas va lazzat topa-topa, oz-oz ichar.”.

Asarda bundan tashqari so‘zning semantik imkoniyatlari “yig‘lamoq” mazmunidagi fe’llar misolida ham ko‘rsatib berilgan. Alisher Navoiy turkiy tilda yig‘lamoq mazmunidagi bo‘xsamoq fe’li ma’nosini fors tilida berib bo‘lmasligi qayd etadi, tilimizdagi ingramoq va singramoq fe’llari mazmuni orasida farqning deyarli sezilmas darajada ekanligi, ularning semantik jihatdan ohista, yashirin yig‘lashni anglatishi, siqtamoq fe’lida esa bu harakatning o‘ta mubolag‘ali aks etishini “forsiyda bu mazmunki bo‘lmag‘ay, shoir ne chora qilg‘ay? Va siqtamoqkim, yig‘lamoqda mubolag‘adur, turk bu nav ado qilibdurki, Bayt:

Ul oyki, kula-kula qirog‘latti meni,

Yig‘latti meni demayki, siqtatti meni. “deb izohlaydi.

Shu o‘rinda Alisher Navoiy yig‘lamoq ma’nosini ifodalovchi fe’llar sinonimik qatorida turuvchi o‘kurmoq fe’lida kuchli ovoz chiqarib yig‘lash, inchkirmoq fe’lida esa ingichka ovoz bilan yig‘lash ma’nosi ifodalanishi misollar asosida tahlil qilib bergan. Navoiy “Chun o‘kurmak muqobalasida forsiy tilda lafz yo‘qtur, forsiygo‘y shoir muningdek g‘arib mazmun adosidin mahrumdur. Yana yig‘lamoqning o‘kurmaki muqobalasida inichkirmak dag‘i bor va ul inchka un bila yig‘lamoqdur” deyish bilan turkiy til ifoda imkoniyatlarining forsiy tiliga qaraganda ustunligini ko‘rsata bilgan.

Xullas, Alisher Navoiy o‘zbek tili taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi, uning har taraflama mukammal va benazir ekanligini ilmiy va amaliy jihatdan isbotlab berdi.

Tolib Jo‘rayev,

SamDU dotsenti.