Sport meditsinasi masalalari MDH olimlari ishtirokida Samarqandda muhokama etildi
Samarqand meditsina instituti klinikasida “Vrachlar va trenerlar: birgalikda sog‘lom turmush tarzi sari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda.
Samarqand meditsina instituti rektori A.Shamsiyev olib borgan konferensiya ishida respublikamizning yetakchi olimlari, MDH davlatlarining sport meditsinasi bo‘yicha taniqli mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mehmonlar dastlab Samarqand meditsina instituti bilan yaqindan tanishdi. U yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va institut tarixi muzeyini tomosha qildi.
- Konferensiyada sport tibbiyotining turli sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, sport turlarining xususiyati, yo‘l qo‘yiladigan jismoniy yuklama, sport patalogiyasini davolash va oldini olishning ilg‘or uslublari xususida so‘z yuritildi, - deydi Respublika sport meditsinasi ilmiy-amaliy markazining ilmiy ishlar bo‘yicha bosh vrachi Iskandar Mavlonov. – Shuningdek, musobaqalarga tayyorlashda dori vositalarining, ovqatlanish tartibi va ratsionini sportchilarning fiziologik holatiga ta’sirini tadqiq etish, antidoping nazoratining samarali tizimini, sportda farmakologik ta’sirga ega bo‘lgan dori-darmon va boshqa vositalarning qo‘llanishini nazorat qilish uslublarini ishlab chiqishda jahon va O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdik. Shuningdek, sport jarohatlarini tibbiyot muassasalari, davolash-diagnostika bazalarida oldini olish, diagnostika qilish va davolash kabi masalalar keng muhokama etildi.
Mutaxassislar kunning ikkinchi yarmida guruhlarga bo‘lingan holda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan sport maktablarida sportchilarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat holati, ularda doping iste’mol qilinganlik xavfini aniqlash, sportchilarni tayyorlashda tibbiy biologik ta’minlash masalalariga rejali yondashish, futbol-gimnastikani qo‘llash orqali eshitishda nuqsoni bor o‘quvchilarda jismoniy madaniyatni shakllantirish kabi qator masalalar bo‘yicha ish olib bordi.
Konferensiya ishi ertaga 17 may kuni ham davom etib, mutaxassislar tibbiyot instituti talabalari bilan mahorat mashg‘ulotlarini olib boradi.
Tadbirning ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
Husan Eltoyev.
A.Xaritonov olgan suratlar.