Ishtixonning Yangi O‘zbekiston iftixorlari
O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari, xalqaro turnirlar g‘oliblari, ishtixonlik Nigina O‘ktamova, Gulsevar G‘aniyeva, Sanobar Bozorboyeva, Maftuna Musurmonova, Ruhshona Shakarova, Baxtiyor Yaxshiboyev kabi sportchilar jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.
Ishtixon tumanida azaldan ko‘zga ko‘ringan ziyolilar, shoir va olimlar, sportchilar yetishib chiqqan. Jumladan, davlat arboblari Murod Jo‘rayev, To‘raqul Yo‘ldoshev, shoirlardan Yo‘ldosh Eshbek, Abdulla Turdiyev, polvonlar Bahodir Qurbonov, shifokor Shirinboy Hasanov, tadbirkor Mavlon Oqilov va yana shu kabi dong‘i ketgan ko‘plab zabardast, fidoyilar yurtimizning ertasi uchun munosib hissa qo‘shgan. Bugun ularning ezgu ishlarini tumanning zabardast sportchilari davom ettirib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitib kelmoqda. Quyida ana shunday faol yoshlarning faoliyati haqida so‘z yuritamiz.
O‘zbekistonning boks malikasi
Nigina O‘ktamova 2003 yil Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 2019 yildan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga jalb qilingan. Nigina o‘zbek bokschi qizlari orasida birinchi bo‘lib jahon chempionligini qo‘lga kiritgan sportchi hisoblanadi. U 2021 yil Polshada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2021 yil U-20, 2023 yil U-23 yosh toifalarida Osiyo chempionatlarida chempionlikka erishgan. 2021 yil «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» deya e’tirof etilgan. Xalqaro maydonda ko‘rsatgan natijalari uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
- Oilada ikki nafar qizimiz bor, - deydi Niginaning onasi Laylo Saidova. – Nigina yoshligidan shijoatli, qo‘rqmas edi. Rasm va eskizlar chizishga qiziqardi. To‘g‘risi, biroz urishqoqligi uchun otasi bilan kelishib, dastlab karate to‘garagiga bergandik. Ikki yilga yaqin ushbu sport turi bilan shug‘ullangandan so‘ng mashg‘ulotlarga borishni istamadi. Tog‘asi boks zaliga olib borib, qiziqtirgandan keyin shu sport to‘garagiga berdik.
Keyinchalik o‘zining mehnati, shijoati bilan musobaqalarga chiqdi, terma jamoaga qabul qilindi. Osiyo chempioni, O‘zbekiston tarixida ilk jahon chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldi. Ayniqsa, ilk marta “qizil burchak, Nigina O‘ktamova - O‘zbekiston chempioni!” deb e’lon qilinganda barchamiz quvongandik. Qizimning har bir jangini his-hayajon bilan kuzatib boraman. Qizim, chempion bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘taraman, derdi. Allohga shukr, niyatiga yetdi, chempion bo‘lib, bizning, ustozlarining ishonchini oqlayapti.
Nigina yaqinda Fransiyada o‘tkazilgan o‘ttiz uchinchi yozgi olimpiya o‘yinlarida ham qatnashdi. Ammo Parij olimpiadasining boks musobaqalarida o‘zi istagan darajada munosib qatnasholmagan bo‘lsa-da, tajriba va mahorat orttirdi. Ulkan g‘alabalar sari yana bir muhim qadam tashladi. Uning boshqa sportchilarga qaraganda yosh ekanligini hisobga olsak, oldinda hali yana bir nechta olimpiya o‘yinlari, Osiyo hamda jahon chempionatlari turibdi. Ishonamizki, Nigina yurtimizga hali juda ko‘p nufuzli musobaqalarining oltin medallarini keltiradi.
Gulsevar G‘aniyeva – Osiyo va jahon chempioni
Gulsevar G‘aniyeva 2005 yilda tug‘ilgan. Tumandagi 35–umumta’lim maktabida tahsil olish bilan birga, Xurshid Tursunov murabbiyligida boks bilan shug‘ullangan. U katta sportdagi dastlabki g‘alabasini 2019 yil Surxondaryoda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida qo‘lga kiritgan. Ushbu turnirda u uchinchi o‘rinni egallagan. Mamlakat chempionatda qo‘lga kiritilgan dastlabki bronza medal Gulsevarning o‘ziga, ota-onasi va murabbiylariga uning keyingi faoliyatiga umid bag‘ishlagan hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qabul qilingan. 2020 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan navbatdagi mamlakat chempionatida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan.
Gulsevar G‘aniyeva 2021 yilda O‘zbekiston chempioni, Rossiyada boks bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi xalqaro turnir g‘olibi, Dubayda o‘smir va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida dastlabki oltin medalga sazovor bo‘ldi. 2022 yilda Ispaniyada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi, O‘zbekistonda yilning eng yaxshi yosh sportchisi, 2023 yilda Belarus poytaxti Minsk shahrida II MDH sport o‘yinlari oltin medalni qo‘lga kiritdi.
“Oldinga intilishdan to‘xtamayman”
Nafaqat Ishtixon tumanining, balki mamlakatimizning faxriga aylangan umidli bokschi qizlarimizdan biri Maftuna Musurmonova haqida uning uyidan gapiramiz. Maftuna yashaydigan xonadonga kirib borar ekanmiz, supurib-sidirilgan hovlida bizni chempionning onasi Matluba Xudoyqulova iliq kutib oldi. Hali uyga kirmasdanoq Maftuna va uning dadasi bilan ham tanishib oldik. Salom–alikdan so‘ng Maftunani suhbatga tortdik.
- Maftuna, to‘g‘risini aytganda Ishtixon tumanining chekka bir qishlog‘ida, kamtargina o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan qizaloqdan butun dunyoni larzaga solayotgan chempion chiqqaniga hali him ko‘pchilikning ishongisi kelmaydi chamamda. O‘zingiz-chi, shunday yuksak natijalarni qo‘lga kirita olaman, deya o‘ylaganmidingiz?
- Boks bilan shug‘ullanish qishloq qizlari uchun biroz notabiiyroq tuyilishi mumkin. Shuning uchun ham ketma-ket uch marta O‘zbekiston chempionatlarida oltin medalni olganimga, Osiyo va jahon chempioantlarida munosib ishtirok etganimga qandaydir shubhalar bo‘lishi tabbiy. Ammo men sport bilan jiddiy shug‘ullanish barobarida ota-onamni, yaqin qarindoshlarimni va qishlog‘imizni, qolaversa, tumanimizni dunyoga tanitganimdan har qachon mag‘rurlanib yashayman. Bu boshlanishi, xolos. Sport olamida bundan-da yuksakroq muvoffaqiyatlarni qo‘lga kiritishni, butun dunyo bokschilari orasida alohida hurmat-e’tiborga erishishni istayman. Nasib bo‘lsa, yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida ko‘taraman va buning uchun harakat qilishdan to‘xtamayman.
- Nima uchun aynan boksni tanlagansiz. Sportning qizlarga xos turlari ham borku. Masalan, shaxmat-shashka, yengil atletika, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi deganlaridek..?
- To‘g‘risini aytsam, tumandoshimiz Nigina O‘ktamovaning jahon chempioni bo‘lganini eshitib, chin dildan havas qildim va unga o‘xshagim keldi. Shu bahona boks olamiga kirib keldim. Nigina opam xotin-qizlar ham ringda g‘olib bo‘lishga haqli ekanligini butun bunyoga isbotlab berdi. Men ham xuddi shu yo‘lni tanlaganman va bor kuchimni, imkoniyatlarimni faqat sportga sarflayman. Orzularim bu olamga sig‘maydi. Men Ishtixon deganda dunyo xalqlari so‘lim va tuprog‘i oltin go‘shani, cheksiz imkoniyatlar, behisob orzu-istaklar makonini hamda shu hududda baxtiyor yashayotgan Maftuna Musurmonovani ko‘z oldiga keltirishlarini xohlayman. Bu maqsadimdan qaytmayman.
- Endigina 16 yoshga yetdingiz. Shu yoshgacha boks olamidagi xotin-qizlar o‘rtasida qo‘lga kiritgan natijalaringizning qaysi biri o‘zingiz uchun eng qadrlisi sanaladi?
-Hali o‘zimdan, erishgan natijalarimdan qoniqadigan darajaga yetganim yo‘q. O‘zim uchun eng qadrlisi hali oldinda turibdi deb o‘ylayman. Buni noshukurlik deb tushunmang. Yaratganga shukrki, bugunga qadar uch marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdim. 2023 yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘smir va yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni oldim. Armaniston poytaxti Yerevanda tashkil qilingan jahon chempionatida qatnashib, musobaqa kumush medalini tumanimizga olib keldim. 2024 yil Rossiyada o‘tkazilgan “Osiyo bolalari” xalqaro turnirida ham birinchi o‘ringa ko‘tarildim. Ammo bu natijalar bilan cheklanib qolish niyatida emasman. Faqat oldinga qarab dadil qadam tashlash uchun yanada qat’iyat bilan shug‘ullanyapman.
Buyuk g‘alabalar ilhomchisi
Sportda murabbiylarning, soha mas’ul rahbarlarining, sport maktablari mutasaddilarining bevosita ishtirokisiz biror bir natijaga erishib bo‘lmaydi. Birgina Ishtixon tumanidan qisqa muddatda ketma-ket uch nafar mamlakat, Osiyo, jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlarining chiqishi juda yuksak natija. Demak, tumanda shunga yarasha imkoniyat, tajriba va maktab bor. O‘z ishiga sodiq va fidoiy insonlar to‘plangan. Ishtixonlik sportchilarning erishayotgan yutuqlarida tuman sport maktabi direktori Olimjon Sa’dullayevning hissasi katta.
Olimjon bilan suhbatimiz Mustaqilligimizning ilk yillaridan buyon qarovsiz qolib kelayotgan katta stadionda o‘tdi. Qisqa muddatda butunlay yangicha tusga kirgan ushbu futbol maydonini ko‘rib, kishining ko‘zi quvnaydi.
- Katta stadionimizning rekonstruksiya qilingani,avvalo, tuman sport maktabining barcha murabbiylari va sportchilariga hamda tumanimiz fuqarolari uchun qulaylik yaratdi, - deydi Olimjon Sa’dullayev. - Yaqinda ushbu stadion futbol maktabimiz tasarrufiga o‘tkazildi. Endi biz ham boshqalarga o‘xshab tuman, viloyat hamda respublika miqyosidagi futbol musobaqalarini bemalol o‘tkazishimiz mumkin. Bu biz uchun nafaqat imkoniyat, balki juda katta mas’uliyat va javobgarlik hamdir. Bizga ishonch bildirildimi, demak shunga loyiqmiz. Endi ana shu ishonchni oqlash uchun ishlashimiz lozim. Avvalo, sport maktabida malakali, tajribali murabbiylarni yanada ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bo‘lajak chempionlarni har bir musobaqaga tayyorlash, chempionlar sonin yildan yilga ko‘paytirish jamoamizning oldida turgan asosiy vazifa sanaladi.
Ayni paytda sport maktabida 1276 nafar o‘quvchiga 70 nafarga yaqin trener-o‘qituvchi sportning 19 ta turi bo‘yicha murabbiylik qilishmoqda. Ularning 8 nafari oliy, yana 8 nafari birinchi, 2 nafari ikkinchi toifaga ega. Shuningdek, ushbu maskanda 5 ta sport ustasi, 20 ta sport ustaligiga nomzodlar, 30 dan ortiq turli razryadli ustozlar yoshlarga saboq berib kelishmoqda. Bugungi kunda maktab tasarrufida zamonaviy jihozlangan o‘nlab yopiq va ochiq turdagi sport inshooatlari, futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi maydonlari, bokschilar, taekvandochilar, kurashchilar uchun alohida sport zallari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ishtixon tumanida sportga, yoshlarning kelajagiga e’tibor talab darajasida. Ishonamizki, sportchilarning erishayotgan natijalari davomli bo‘ladi va Yangi O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitadi.
Normurod MUSOMOV,
jurnalist.