Mahalla yoshlari maktab sport zaliga nega kiritilmayapti?
“O‘quvchilar ta’tilga chiqqach, maktab sport zalini ta’mirladik. Endi yangi o‘quv yili boshlanmaguncha zalga hech kimni kiritmayman”. Bu gap maktab direktori tomonidan aytilgan.
Yaqinda tahririyatimizga o‘nga yaqin mahalla raisi uyushmagan yoshlar maktab sport zaliga kiritmayotganligi yuzasidan murojaat qildi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida mahallalardan biriga bordik.
Ma’lum bo‘lishicha, mahallada sport maydonchasi yo‘q. Shu bois mahalla yoshlari maktabning sport zalidan foydalanyapti.
– Darsdan keyin maktab sport zali doim mahalla yoshlari ixtiyorida edi, - deydi maktab direktori. – Ularga maktabimizning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari ham biriktirilib, yil boshidan buyon sport musobaqalari, turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi. Natijada, yaqinda ta’mirlangan sport zalning pol qismi, devorlari yana ta’mirtalab, jihozlar esa yaroqsiz holga kelib qoldi. Zalni ta’mirlash va sport anjomlari sotib olishga kelganda esa mahalla raisi bu masalada hech qanday yordam bera olmasligi va bu bo‘yicha hech qayerda yozilmaganini ro‘kach qildi. Shundan so‘ng sport zalni o‘zimiz ta’mirladik. Endi yangi o‘quv yili boshlanmaguncha zalga hech kimni kiritmayman.
Bu yerda maktab direktoriga ham, mahalla raisiga ham e’tirozimiz yo‘q. Chunki muammoning asosiy sababi boshqa.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 2020 yil 14 dekabrda viloyat Xalq ta’limi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan “Samarqand viloyatidagi ta’lim muassasalarining sport, faollar zallarida mahallardagi yoshlarning san’at va sport bilan muntazam shug‘ullanishilarini ta’minlash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingan.
Unga ko‘ra, hududlardagi kasb-hunar va ta’lim muassasalarining sport hamda faollar zallarini mahallalardagi yoshlar yetakchilari ixtiyoriga o‘tkazish va mahalla yoshlarining soat 16:00 dan kech soat 23:00 gacha beminnat foydalinishini ta’minlash, shuningdek, aholi va yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalari tashkil qilinishi belgilangan. Ammo boshqarmalar tomonidan qabul qilingan qo‘shma qarorda mahalla yoshlari foydalangan sport va faollar zallarini ta’mirlash hamda yetkazilgan zararni tegishli tartibda qoplash to‘g‘risida hech qanday band kiritilmagan. Shuning uchun ham mahalla va maktab o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqyapti. O‘rtada esa yoshlar sarson.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ommaviy sport musobaqalari va turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Shu bois yuqoridagi kabi muammolarga barham berish kerak. Buning uchun, avvalo, tegishli boshqarmalar tomonidan qabul qilingan qarorda foydalanilgan inshootlarni kelishilgan holda ta’mirlash chorasini ko‘rish yoki hokimliklar tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi lozim.
O‘ylaymizki, bu holat mutasaddilarni befarq qoldirmaydi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.