Startap loyiha 116,1 million so‘mga moliyalashtirildi
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali tadqiqotchisi Shukrullo Muratovning “Innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon” loyihasi viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan hududiy startap loyihalarning uchinchi to‘lqinida g‘olib deb topildi.
Bu loyihalar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 116,1 million so‘mga moliyalashtirildi.
Dastlab loyihani shakllantirishda ilmiy tadqiqotchi tomonidan ikki yil davomida viloyatimizdagi 1000 dan ortiq tomorqa xo‘jaligi faoliyati o‘rganildi. Xususan, har bir uy xo‘jaliklari uchun tomorqa ekin maydonidan yuqori daromad olish nuqtasi, tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish holati, oila boshlig‘i va a’zolarining bandligi, bilim va ko‘nikmalari, resurs imkoniyatlari va tomorqada innovatsiyalardan foydalanish holati va boshqa omillarga ilmiy asoslangan holda iqtisodiy baho berildi.
Tadqiqotchi tomonidan Yaponiyaning Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universitetida olgan bilim va tajribalari hamda viloyatda o‘tkazgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida qishloq aholisi bandligi va ularning daromadini oshirish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, dehqon bozorlarida barcha fasllar uchun sabzavot mahsulotlari bahosini barqarorlashtirish maqsadida ushbu loyiha ishlab chiqildi.
- Innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon har tomonlama an’anaviy kichik yopiq maydonga nisbatan resurs-tejamkorligi, mustahkamligi va samaradorligi ilmiy asoslangan, - deydi tadqiqotchi Sh.Muratov. - Xususan, an’anaviy kichik yopiq maydonda 70-75 foiz ekin maydonlaridan foydalanilsa, innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydonda sabzavot ekinlarini 95-100 foiz ekish va yerdan samarali foydalanish imkoniyatini beradi. Shuningdek, suv resurslaridan foydalanishni 33-35 foizga tejaydi. Unda ishlatiladigan plyonkadan 3-5 yil davomida foydalanish mumkin. Shuningdek, bahor faslida qulupnay hosiliga va kuz faslida yer tokida pishgan uzum sifatiga yog‘ingarchilik salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldi olinadi.
Loyiha uchun ajratilgan pul mablag‘lari hisobidan aprel oyida Oqdaryo, Past Darg‘om, Payariq tumanlarida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron, ishsiz 20 nafar ayolga innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon qurib berildi. Bu maydonlarda serhosil pomidor ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, TDAU Samarqand filiali, mahalla raisi va qabul qilib oluvchi uy xo‘jaligi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolandi.
Qishloq xo‘jaligida 1 sotix innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydonda ekin turlaridan kelib chiqqan holda, yiliga o‘rtacha 13-15 million so‘m daromad olish mumkin.
Shuningdek, loyiha doirasida tajriba sifatida filialning 5 sotix maydoniga innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon qurilib, serhosil “Lojayin” F1 navli pomidor ekildi va 5 nafar talabaning bandligi ta’minlandi.
Xurshida Ernazarova.