Stradivari skripkasi jumbog‘i

Buyuk musiqasoz usta Antonio Stradivari dunyodan o‘tganiga 300 yil bo‘lyapti. Biroq uning yasagan skripkalari, yaratgan kuylari jahon musiqa ixlosmandlari qalbini hamon larzaga soladi. Ushbu musiqiy sozlarning siri nimada? Nega undan taralgan ohanglarni eshitganda yurak junbushga keladi?

Gap shundaki, Stradivari qandaydir ilohiy tuyg‘u bilan skripkalariga ayollarga xos, tinglagan jonni o‘rtovchi “ovoz“ baxsh etgan. Antonio Stradivari bolaligidan musiqani yaxshi ko‘rgan va hatto qo‘shiq aytishga uringan. Ammo bu atrofidagilarda kulgi uyg‘otgan, xolos.

Biroq tabiat uning qulini tom ma’noda gul qilib yaratgan. Ota-onasi zurriyodi kelajakda dong‘i ketgan ulug‘ usta bo‘lishini anglashgan. Buning ustiga Shimoliy Italiyaning u yashayotgan shahar - Kremon yog‘ochsoz ustalari bilan mashhur edi.

Antonioning baxtiga shu shaharda o‘sha paytda mashhur bo‘lgan skripkasoz usta Nikola Amati yashardi. Ko‘p o‘tmay, yosh Stradivari uning shogirdiga aylandi. Amati unga musiqasozlikning barcha sirlarini qunt bilan o‘rgatdi. Misol uchun, torlar sirini. Skripkadan yurakni titratadigan “nola chiqishi“ uchun uning torlarini nimadan yasash kerak?

Ma’lum bo‘lishicha, ularni tayyorlashda, albatta, qayerlardadir emas, aynan Markaziy yoki Janubiy Italiyada parvarish qilingan 7-8 oylik qo‘zilarning ishqorli suvda ivitilgan ichaklaridan foydalanilar ekan. Yog‘och sifati esa tashqi ko‘rinishiga emas, chertib ko‘rilganda ovoz chiqarishiga qarab aniqlangan.

Stradivari oila qurib, besh farzandli bo‘lgach, 40 yoshida o‘z ustaxonasini ochadi. U o‘zini skripkasozlikka bag‘ishlab, xotirjam keksalikni orzu qilardi, biroq kutilmaganda uning shahrida vabo tarqaldi. Epidemiya butun oilasini olib ketdi. Antonio o‘zining yakka shogirdi bilan qoldi. Alam va iztirob bilan u yuragini berib ishga kirishadi. Gap shundaki, uning xotini va sevimli farzandlari o‘limidan keyin yasagan sikripkalari haqiqatan afsonaviy ohanglari bilan tinglovchilar qalbini titratadi, ushbu asboblarning ayrimlari hozirda ham 5 million yevrogacha turadi.

Usta o‘lgunicha (u 93 yoshida vafot etdi) aqlbovar qilmas shijoat bilan ishlaydi va 2,5 mingtadan ziyodroq skripka va violon cheley yasashga ulguradi. To‘g‘ri, ularning hammasi ham bebaho san’at asari sifatida baholanmaydi, faqat eng so‘nggi yasalganlarigina benazir. Stradivari belgisi bilan yasalgan bugungacha 600-650 ta musiqa asbobi saqlanib qolgan.

Olimlar hozirgacha uning noyob sozlari yasalish sirlarini ochisha olgani yuq. Sirni buyuk usta o‘zi bilan olib ketgan.

... Ana, quloq tuting. Skripka goh mungli, goh shodon ohang taratyapti. Vujudingizda allaqanday tushunib bo‘lmaydigan tuyg‘ular g‘alayonga keladi. Chuqur xo‘rsinasiz:”Stradivari qanday qilib jonsiz yog‘och asbobga shunday ilohiy his bahs etdi ekan-a?“.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.