Subsidiyani “jig‘ildoni”ga urganlar aniqlandi
Bugungi sharoitda davlatimiz turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’yektlari, aholi va dehqon, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy yordam berish maqsadida subsidiyalash tizimini yo‘lga qo‘ygan.
Bundan maqsad – iqtisodiy imkoniyati yaxshi bo‘lmagan aholi qatlami hayotini, tadbirkorlik sub’yektlari o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishiga ko‘maklashish.
Afsuski, davlatning ana shu ko‘magidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishni ko‘zlagan nafs bandalari ham uchrab turibdiki, bu butun davlat va jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2022 yilda Samarqand viloyatidagi fermer xo‘jaliklariga ajratilgan subsidiya mablag‘larining maqsadli ishlatilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv tadbirlarida shu kabi holatlar aniqlandi.
Xususan, Narpay, Paxtachi hamda Bulung‘ur tumanidagi subsidiya ajratish bo‘yicha ishchi guruh mansabdor shaxslari hamda mazkur tumanlardagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda qaror bandlarini qo‘pol ravishda buzib, 2 milliard 608 million so‘mlik subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirib yuborganligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, subsidiya ajratish bo‘yicha Narpay tumani ishchi guruhi mansabdor shaxslari amalda tomchilab sug‘orish tizimi joriy etmagan 35 ta fermer xo‘jaligiga 1 milliard 325 million so‘m hamda suv tejovchi texnologiya mavjud bo‘lsa-da undan amalda foydalanmagan 7 ta fermer xo‘jaligiga 321 million so‘mlik subsidiya ajratib berish orqali, jami 1 milliard 646 million so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.
Paxtachi tuman subsidiya ajratish bo‘yicha ishchi guruh mansabdor shaxslari ham narpaylik hamkasblari kabi ish tutgan. Ular tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan til biriktirgan holda yuqorida qayd etilgan qarorning 4-bandi talablarini qo‘pol ravishda buzib, amalda tomchilab sug‘orish tizimi joriy etmagan 25 ta fermer xo‘jaligiga 727 million so‘mlik subsidiya mablag‘larini ajratib berish orqali o‘zlashtirib yuborgan.
Subsidiya ajratish bo‘yicha Bulung‘ur tumani ishchi guruhi ham amalda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etmagan 9 ta fermer xo‘jaligiga 235 million so‘m subsidiya mablag‘larini o‘tkazib, talon-toroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan subsidiya ajratish bo‘yicha tumanlar ishchi guruhi mansabdor shaxslari hamda fermer xo‘jaliklari rahbar shaxslariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov xarakatlari olib borilmoqda.