Sud Makronni yuziga tarsaki tushirgan kishini to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qildi
Valansiya sudi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga tarsaki tushirgan Damen Tarelni to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi BFMTV.
Sud qarori bilan u darhol jazoni o‘tashni boshlaydi.
Bundan tashqari, ikki yil davomida u ishlash yoki o‘qitishga, shuningdek psixologik yordam olishga hamda yangi huquqbuzarlik qilmaslikka majburdir. Sud, shuningdek, Tarelga besh yil davomida qurol-yarog‘ga ega bo‘lish, shu davrda davlat lavozimlarida ishlashni taqiqladi. Bundan tashqari, Fransiya prezidentiga hujum qilgan shaxs uch yil davomida fuqarolik huquqlaridan mahrum qilinadi.
Sud jarayonida u Makronga yuziga tarsaki tushirganini tan oldi, ammo qilmishidan tavba qilmadi.
Prokuratura 18 oylik qamoq jazosini talab qildi. Tomonlar hukmga e’tiroz bildirishiga 10 kun berildi.
O‘tgan seshanba kuni Fransiyaning janubi-sharqidagi Drom departamentiga tashrifi chog‘ida Makron yig‘ilganlarni kutib olish uchun panjara yaqiniga keldi. Olomon orasidan bir kishi prezidentga tarsaki tushirdi. Xavfsizlik xizmati tezda vaziyatga aralashdi. Natijada ikki kishi hibsga olindi. Ikkinchi odam voqeani videoga olayotgan edi. BFMTV xabar berishicha, u chorshanba kuni hibsdan ozod qilingan. Ammo 2022 yilda sudga chaqiriladi. Chunki tintuv paytida unda qurol topilgan.
Tarsaki hodisasi Fransiya siyosatchilari, jumladan, muxolifat partiyalar rahbarlari tomonidan qoralandi. Makronning o‘zi esa ro‘y bergan voqeaga ahamiyat bermaslikka chaqirdi va fransuzlar bilan uchrashuvda davom etishini ta’kidladi.