"Sudga qarzni to‘liq to‘laganim haqida rasmiy xat berdim, ammo MIB qarzim borligi haqida hujjat ko‘rsatdi..."
Murojaatchi qozining e’tiborsizligi sabab MIB va sud o‘rtasida sarson bo‘layotganidan norozi bo‘lmoqda. Qayd etish lozim, garchi javob qaytarilmagan bo‘lsa-da, avvalroq sudlar haqida e’lon qilingan maqoladan so‘ng tizimdan yozg‘irgan yana bir nechta murojaatlar keldi.
Past Darg‘om tumanidan yo‘llangan murojaatda fuqarolik ishlari bo‘yicha sud uni ortiqcha xarajatga tushirgani va sarson bo‘lib muammosini hal etolmayotganini bildirgan.
"Meni sudga chaqirishganida chindan ham bankdan qarzdorligim bor edi. Ammo keyingi sud majlisiga qarzni to‘liq to‘laganim haqida rasmiy xat olib bordim.
Ammo sud yakunlanib oradan bir muddat o‘tgach, tuman majburiy ijro byurosi bankdan qarzimni undirish haqida sud hujjati chiqqanligini bildirdi. Yoqamni ushlab qoldim: qanday axir, to‘langani haqida xatni sudga shaxsan topshirgan edim-ku".
Masala bilan tanishib chiqish davomida murojaatchi tomonidan chindan ham bankdan qarzdorlik to‘liq to‘langaniga guvoh bo‘ldik. (Bankning bu haqdagi ma’lumotnomasi ilova qilinyapti).
"Qizig‘i, men bankdan qarz emasligim to‘g‘risidagi xatni ko‘rsatgach MIBdagilar tushunishdi. Ammo sud qarori ijroga qaratilgani uchun 250 ming so‘mga yaqin ijro yig‘imi to‘lashim kerak ekan. Kambag‘alni tunashmi, bu?".
Murojaatchi tushunmovchilikni hal qiladigan idora izlab sarsonligini bildirmoqda. Negaki, tumanda arz qilmagan tashkilotim qolmadi hisob, lekin hammasi 250 ming so‘m to‘lashimni aytyapti, deydi.
O‘tgan galgi maqolaga e’tibor qaratmagan viloyat sudi va Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi fuqaroning muammosini ijobiy hal qilib beradi, degan umiddamiz.