Sudlarga elektron murojaat qilish mumkin. Ammo buning uchun baribir shaharga tushish shart
Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi sohada ochiqlik, shaffoflikni ta’minlaydi. Sudlarda ish yuritish tezkorligini oshirish bilan birga odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.
Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirishga yo‘l ochdi. Negaki, farmon bilan sudlarning faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada kengaytirish dasturi ishlab chiqish belgilandi.
Umuman, sohada interfaol xizmatlarni taqdim etish maqsadida Oliy sud tomonidan «E-SUD» milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratilgan.
Ushbu tizim orqali sudlarga da’vo arizasi, ariza, apellyasiya, kassatsiya, nazorat shikoyatlari va unga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda yuborish mumkin. Protsessual hujjatlarni avtomatik ravishda yaratish, chaqiruv qog‘ozlari va xabarnomalarni taqdim etishning yangi mexanizmi joriy etilgan.
Bundan tashqari, sud ishini ko‘rish doirasida jismoniy shaxslarni xabardor qilish tizimi takomillashtirildi. Sudyalar o‘rtasida sud ishlarini avtomatik taqsimlash yo‘lga qo‘yilgan.
Biroq bugungi kunda har qanday axborot tizimi tashqi axborot tizimlari va axborot resurslari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlamasa ma’lumotlarni tezkor tarzda, real vaqt rejimida olish va taqdim etish imkoniyati cheklanadi. Shu bois sohadagi dolzarb vazifalardan biri - elektron hukumat doirasidagi axborot tizimlari va resurslarining o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlash hisoblanadi. Jumladan, “E-SUD”ning boshqa axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiyasini ta’minlash zarur.
Sudlarning ixtisosligidan kelib chiqib faoliyati bevosita bog‘liq bo‘lgan ijro hokimiyati institutlari bor. Masalan, iqtisodiy sudlar mahalliy hokimiyat organlari hamda savdo-sanoat palatasi bilan muayyan nizolarni hal etish yoki qarorlar ijrosini ta’minlash yuzasidan munosabatga kirishadi. Bu jarayonda sud hujjatlari almashinuvida tezkorlik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash o‘ta muhim masala. “E-SUD” axborot tizimining faqat sudlar faoliyatini tartibga solish bilan cheklangani esa sud hujjatlari ijrosini real vaqt rejimida amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi. Shu bois har bir sudning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, “E-SUD” axborot tizimini elektron hukumat doirasida boshqa axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiyalashning maqbul va samarali yo‘llarini ishlab chiqish zarur. Bundan tashqari, “E-SUD” axborot tizimining samarali ishlashini ta’minlash uchun chekka hududlardagi aloqa va internet xizmatlari sifatini oshirish zarur. Chekka hududlarda aloqa sifati talab darajasida emasligi sud protsessini videokonferens-aloqa orqali tashkil etishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “E-SUD” axborot tizimini bugungi kun talablari darajasida takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning aholi uchun sodda va tushunarli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish kerak. Bu esa sudning ochiqligini ta’minlab, adolat o‘rnatilishida muhim o‘rin tutadi va fuqarolar manfaatiga xizmat qiladi.
To‘xtayev KAMOLIDDIN,
Samarqand shahar iqtisodiy sudining raisi.