Sudya xato va kamchilikka yo‘l qo‘ysa, sabablari aniqlanib, faqat malaka hay’atining qaroriga ko‘ra, intizomiy javobgarlikka tortiladi

Avval xabar berganimizdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n birinchi sessiyasi ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritilib, axborot beruvchilarga fuqarolar tomonidan savol yo‘llanishiga imkoniyat yaratilgandi.

Viloyatda sudlarning raislariga ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llangan savol va munosabatlarga jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudidan quyidagi javoblar berilgan:

Fazliddin Norjigitov:

Assalomu alaykum sizlarga savolim shundan iboratki, oliy ma’lumotli, ammo sudlanib jazo muddatini o‘tab chiqqan, aybini tushungan, yangidan hayot boshlash uchun sud tizimiga ariza bilan murojaat qilganda ularni ishga olmaydi. Ammo mutaxassisligi to‘g‘ri kelmagan o‘rta-maxsus kadrlarni ishga olayapti buni nima deb tushunish kerak?

Oliy sudi Rayosatining 2014 yil 9 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy yurisdiksiya apparati kadrlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish va malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 9-bandida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, sudlanganlik holati mavjud, shuningdek, muqaddam sudlar va huquqni muhofaza etuvchi organlardan salbiy sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan shaxslar sud apparatiga ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Sudyalar oliy kengashining 2017 yil 17 maydagi qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar oliy kengashi Reglamentining 20-moddasida nomzod sudlangan bo‘lsa, belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan bo‘lsa, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar mavjud bo‘lsa, kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun vakolatlari oldingi ish joyi bo‘yicha belgilangan tartibda tugatilgan bo‘lsa, sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kirish imtihonidan o‘ta olmasa sudyalikka nomzodlarning zaxirasiga kirishi rad etilishi belgilangan.

Umid Uchqunovich:

  1. Sudlarda ishga kirishda turli qing‘ir yo‘llar tanlanadi. Keyin u xodim ham boshqalarga nisbatan shunday harakat qiladi. Ana shu “chyorniy” tizimni yo‘q qilish kerak.
  2. Sudlarda bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ommaga ma’lum qilib borish, kadrlarni olishda shaffoflik bo‘lishi lozim.

Sudlarda kadrlar bilan ishlash tizimining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash borasida doimiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, Sudyalar oliy kengashining rasmiy veb-saytida Respublika hududida bo‘sh sudyalik lavozimlari doimiy ravishda joylashtirib boriladi.

Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, yuqori malakali, katta hayotiy tajribaga, benuqson obro‘-e’tiborga, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik ixtisosligi bo‘yicha avvalambor huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan nomzodlar sudyalik lavozimlariga zaxiraga kirish istaklari bo‘lsa, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudlari sudyalari malaka hay’atiga murojaat qilishlari mumkinligi, shu bilan birga, viloyatdagi bo‘sh sudyalik lavozimlari haqida (jinoyat, ma’muriy) viloyat “Zarafshon” gazetasida e’lonlar chop etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qabul qilish 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab faqat sudyalik lavozimi zaxirasida bo‘lgan shaxslar orasidan muqobillik asosida o‘tkaziladigan tanlov orqali Sudyalar oliy kengashi tomonidan Oliy sud bilan birgalikda belgilanadigan kvotalar bo‘yicha amalga oshirilmoqda.

Tanlovning barcha bosqichlari haqidagi ma’lumotlar Sudyalar oliy kengashining rasmiy veb-sayti (sudyalaroliykengashi.uz) e’lon qilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, sud apparati xodimlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash maqsadida, respublika miqyosida suddagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumot “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilinmoqda.

Shu bilan birgalikda, viloyat sudi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ijtimoiy tarmoqlardagi (fb.com/SamarqandSudi, t.me/SamarqandSudi) sahifalarda ma’lumot berib boradi. Sud apparati xodimi sifatida ishga kirish istagi bor shaxs xohlagan vaqtda viloyat sudiga uni sud apparati xodimlari zaxirasiga kiritishni so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, har bir fuqaro sudlarga yoki boshqa tashkilotlarga ishga kirishda suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ygan rahbar yoki xodimlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli organga murojaat qilishi lozim va ular tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi.

Abdunosir Hamidovdan:

Sudlar ayrim xato kamchiliklarga yo‘l qo‘yishga haqi yo‘q!

O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 14 dekabrdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining 73-moddasida, sudyalarning intizomiy javobgarligi nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra, sudya odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi, sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, shuningdek, sudyalik sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda sudning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etganligi, sudyalar odob-axloqi qoidalarini buzganligi uchun faqat sudyalar malaka hay’atining qaroriga ko‘ra, intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shuningdek, sud qarorining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishining o‘zi sud qarorini chiqarishda qatnashgan sudyaning, agar u ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, javobgar bo‘lishiga sabab bo‘lmasligi belgilangan. Shu sababli, sudya xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan taqdirda, uning sabablari aniqlanib, faqatgina malaka hay’atining qaroriga ko‘ra, intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi.