Suv ostidagi xazina

Suvga g‘arq bo‘lgan kemalardagi boyliklar asrlar o‘tsa-da xazina qidiruvchilarga tinchlik bermaydi. O‘z hududida halokatga uchragan kemalardagi boyliklarni qidirishda mamlakatlar ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Jumladan, Kolumbiya hukumati Ispaniyaning cho‘kib ketgan «San-Xose» kemasidagi xazinani 2026 yilgacha qidirib topishini ma’lum qildi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro qidiruvchilardan «San-Xose»dagi yukni qidirishni tezlatishni talab qildi va ushbu vazifani uddasidan chiqadigan xususiy firmani yollash yoki qo‘shma korxona tashkil etishni taklif qildi. «Bu Petro ma’muriyatining muhim tadbirlaridan biridir, - dedi ushbu mamlakat madaniyat vaziri Xuan David Korea. - Prezident bizdan shoshilishni so‘radi».

Ispan kemasi «San-Xose» 1708 yilda Boliviya konlaridan kumush bilan Yevropaga qaytayotganda Kolumbiya qirg‘oqlarida suvga g‘arq bo‘lgandi. Mutaxassislar uning bortidagi boylikni 20 milliard dollarga baholashmoqda. Bu tarixdagi eng katta xazinadir.

Xazinani qidirib topib, yuqoriga olib chiqish uchun ilgari ham urinishlar bo‘lgan edi. 1981 yilda Amerikaning Glocca Morra kompaniyasi kema halokatga uchragan joyni aniqlagan edi. Biroq Kolumbiya hukumati qimmatli yukni suv ostidan olib chiqishga ruxsat bermagan edi.

2015 yilda Kolumbiya «San-Xose» parchalarini boshqa joyda topganini e’lon qildi. Glocca Morra asoschilari buni aldash, deb hisobladilar. Ular sudga murojaat qilib, xazinaning 10 milliard dollarini, ya’ni yarmini davlatdan undirishga erishmoqchi.

Asrlar davomida dunyo okeani qa’riga g‘arq bo‘lgan kemalarning son-sanog‘i yo‘q. Ulardagi katta boyliklar suv tubida yotibdi. Bu esa xazina qidiruvchilar oromini buzib, ularga tinchlik bermay kelyapti.

T.Shomurodov tayyorladi.